YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori bilan uchrashuv to‘g‘risida

2021-yilning 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G’ayrat Fozilov BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshon Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Mehmon mamlakatimizga Jahon bolalarni himoya qilish kuni va YUNISEFning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Nogiron bolalar uchun inklyuzivlikni ta’minlash” xalqaro veb-forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda yaqin istiqboldagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

YUNISEF rahbari O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, ta’lim tizimini takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar bilan atroflicha tanishdi.

O‘z navbatida, Afshon Xon O‘zbekiston hukumati tomonidan fuqarolarni, ayniqsa, mojaro zonalaridan kelgan ayollar va bolalarni qaytarish, jamiyatga qayta integratsiyalashuvi va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan “Mehr” insonparvarlik aksiyasini olqishladi.

Jamg‘armaning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bo‘yicha yangi hamkorlik dasturi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.