Yevropa parlamentidagi brifing toʻgʻrisida

2021-yilning 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Bryussel shahridagi Yevropa parlamenti binosida Afgʻonistondagi hozirgi vaziyatga bagʻishlangan brifingda ishtirok etdi.

I.Irgashev oʻz nutqida Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan olib borayotgan siyosatining asosiy jihatlari, mamlakatning yangi hokimiyati, shuningdek, ular bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish zarurligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Asosiy eʼtibor Afgʻonistonning mintaqa davlatlari va dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ehtimoliy xavf tugʻdiruvchi qaltis davlatga aylantirilishi hamda xalqaro terrorchilar uchun boshpana boʻlib qolishining oldini olishga qaratildi.

Mamlakatga insonparvarlik yordamini tezkorlik bilan yetkazish, Afgʻonistonni mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik va integratsiya jarayonlariga yanada faolroq jalb etishga asosiy eʼtibor qaratildi.

Barcha forum ishtirokchilari Oʻzbekistonga Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Afgʻonistondan evakuatsiya qilishda koʻrsatgan yordami, shuningdek, afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal qilish borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.