Yevropa Kengashi prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2021-yilning 15-noyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Kengashi prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi Saymon Mordyu bilan uchrashdi.

Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi O‘zbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim bo‘yicha muzokaralar jarayonini jadallashtirish, xavfsizlik sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

“O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shakllarida bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Afg‘onistondagi bugungi vaziyat va uning mintaqaviy xavfsizlikka ta’siriga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishda jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi haqida umumiy fikr bildirildi.