Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashuv
2021-yil 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Markaziy Osiyo va Italiya tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakalani qabul qildi.
Suhbat chog‘ida noyabr oyida Yevropa Ittifoqi bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama va mintaqalararo muzokaralar natijalari muhokama qilindi. Siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, Orolboʻyida Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar bilan qoʻshma yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.
Turli daraja va shakllarda bo‘lajak tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, 2022-yilda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha birinchi vazirlar konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat ham ko‘rib chiqildi.