Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv
2021-yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yaponiya Tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Satoshi Nakanishini qabul qildi.
O‘zbekiston TIV rahbari suhbat avvalida Yaponiya tomonini murakkab pandemiya davrida Tokioda yozgi Olimpiya o‘yinlarining muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazishda omad tiladi.
Suhbat chog‘ida o‘zaro manfaat kasb etadigan sohalarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya strategik sherikchiligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalar, xususan Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Bo‘lajak ikki tomonlama hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.