“Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati: sur'ati, yutuqlari va istiqbollari”

Shu mavzuda 2021-yil 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, xorijiy davlatlarning Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik muassasalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xalqaro maydonda O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishning konseptual masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining zamonaviy yo‘nalishlari va asosiy ustuvorliklari, shuningdek, so‘nggi yillarda tashqi siyosat sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar yakunlari va natijalari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov so‘zga chiqib, 2021-yil O‘zbekiston va uning xalqaro munosabatlari uchun yorqin siyosiy voqealar va samarali diplomatik aloqalarga boy bo‘lganini ta’kidladi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, asosiy tashqi siyosiy hamkorlar bilan ikki va ko‘p tomonlama shakllarda muloqot jadal rivojlandi.

Ta’kidlanganidek, yangi yilda respublikamiz tashqi siyosati strategiyasining asosiy maqsadi mamlakatimizning jadal va barqaror siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, dunyoviy va demokratik rivojlanishini ta’minlash bo‘lib qoladi. Eng muhim vazifa – avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.

Vazir, shuningdek, Afgʻonistonga nisbatan jahon hamjamiyatining umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish, bunda mavjud vaziyatni xalqaro izolyatsiya va keng koʻlamli inqirozga olib bormaslikning muhimligini taʼkidladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston tashqi siyosat strategiyasining asosiy xalqaro tendensiyalardan biri – mintaqaviy hamkorlikni iqtisodiy o‘sish, davlatlarning modernizatsiya va barqaror rivojlanishi omiliga aylantirish, zamonaviy tahdidlarga javob berishga tayyorlikni kuchaytirishda o‘z aksini topgan.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekiston erishgan jiddiy yutuqlarni alohida ta’kidladi.

Barcha xorijiy davlatlar bilan sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik, ayniqsa, savdo, investitsiya, transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida faollashayotgani qayd etildi.

Xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekistonning ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi salmoqli faoliyati, respublikaning BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylangani, BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbuslar, ShHT va IHTga raisligi, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan izchil hamkorlikni alohida ta’kidladilar.

Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman xalqaro maydondagi faolligi va ahamiyati sezilarli darajada oshib borayotganini alohida qayd etdilar.