Xitoyning Shensi provinsiyasi gubernatori bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-yilning 11-may kuni Sian shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Ide bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda hududlararo hamkorlikning hozirgi holati va uni joriy yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi telefon muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.
Shensi provinsiyasi va Samarqand viloyati hamda Sian va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashning muhimligi qayd etildi. Bunda savdo, iqtisodiyot, investitsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, fan va texnika, ta’lim sohalari ustuvor yo‘nalishlar deb belgilandi.
Xitoy tomoni O‘zbekiston delegatsiyasiga “Ipak yo‘li” Beshinchi xalqaro EKSPO rasmiy ochilish marosimida ishtirok etganligi uchun minnatdorlik bildirdi.