Xitoy Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv

2021-yilning 11-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Sian shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan iliq salomlari va chuqur hurmatini yetkazdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vazirlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, turli yo‘nalishdagi o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirish borasidagi ikki davlat yetakchilarining topshiriqlarini bajarish bo‘yicha fikr almashdi.

Tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlashga erishilganligini mamnuniyat bilan e’tirof etdi hamda o‘zaro savdo hajmlari va nomenklaturasini yanada oshirishning muhimligini ta’kidladi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” multimodal transport marshrutini rivojlantirish va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini birgalikda hayotga tatbiq qilish bo‘yicha tezroq amaliy choralar ko‘rishning dolzarbligi qayd etildi.

Vazirlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishishga va uning iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari ham muhokama qilindi.