“Xitoy – Markaziy Osiyo” tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi to‘g‘risida
2021-yilning 11-12-may O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Sian shahrida bo‘lib o‘tadigan “Xitoy – Markaziy Osiyo” ikkinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif bilan boradi.
Mazkur tadbirda, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari ham qatnashadi.
Vazirlar uchrashuvi chog‘ida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, tomonlar uchun manfaatli hamkorlikni yanada ilgari surish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘laklari bog‘liqligiga ko‘maklashish va uzluksiz savdoga keng yo‘l ochish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida Vazir A.Kamilov Xitoy TIV rahbari Van I bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi va “Ipak yo‘li” 5-Xalqaro EKSPO ochilish marosimida nutq so‘zlaydi.