TIV Konsullik-huquqiy departamenti axboroti

Elektron ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston fuqarolarining chet el mamlakatlari xalqaro aeroportlariga borishlari bilan xorijda davolanish uchun kasallik to‘g‘risidagi soxta hujjatlarni hamda koronavirusni aniqlash uchun o‘tkazilgan PZR-test manfiy natijasi ko‘rsatilgan qalbaki ma’lumotnomalarni taqdim qilayotganliklariga oid holatlar haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur holat hamyurtlarimizning xorijiy mamlakat hududiga kiritilmasliklari uchun asos hisoblanadi. Shuningdek, qalbaki hujjatlar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan vatandoshlarimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish jarayonini ham qiyinlashtirmoqda.

Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xorijiy mamlakatlarga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan begona shaxslarning qalbaki tibbiy ma’lumotnoma va boshqa hujjatlarni tayyorlab berishda “yordamlashish” borasidagi takliflariga ko‘nmasliklarini so‘raydi. Shu bilan birga, chet elga safarga chiqishdan oldin o‘sha mamlakatda joriy qilingan cheklov choralari va talablar bilan sinchiklab tanishib chiqishni tavsiya etadi.