Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish borasida belgilangan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan matbuot anjumani
2021-yil 19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Furqat Sidikov Milliy matbuot markazida “Mamlakatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik, va amaliy tashqi siyosatni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish borasida belgilangan ustuvor vazifalar” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi va nutq soʻzladi:
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Xq-mAVV7fY8" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Assalomu alaykum, hurmatli brifing ishtirokchilari!
Mamlakatimizda keyingi yillarda tashqi siyosat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi salohiyatini kengaytirishga va xorijiy davlatlar bilan keng qamrovli hamda oʻzaro manfaatli aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Davlatimiz Konstitutsiyasi Tashqi siyosat bobining 17-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin” deb belgilangan.
Soʻnggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston hayotining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va boshqa sohalarida muhim va dolzarb ulkan islohot hamda oʻzgarishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan, Tashqi siyosiy faoliyatimizni ustuvor tamoyillaridan biri deb, birinchi navbatda, mintaqamizda, xususan, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalari va Turkmaniston bilan hamda jahonning yetakchi mamlakatlari (Rossiya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Xitoy, shuningdek, Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharqdagi qator davlatlar) bilan ochiq, pragmatik va amaliy yondashuv asosida, ikki hamda koʻptomonlama, barcha yoʻnalishlardagi munosabatlarimizni rivojlantirish va kengaytirish belgilangan.
Bundan tashqari, 2020-yilda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan xalqaro miqyosdagi iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklar, ayrim mintaqalardagi umumiy ahvol va davlatlararo munosabatlarning keskinlashishi tashqi siyosatimizdan yangi maqsad va yondashuvlarni talab etmoqda.
Ushbu fikr va mulohazalardan kelib chiqib, muhtaram Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Tashqi ishlar vazirligining ustuvor va dolzarb vazifalaridan biri sifatida “Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiya”sini yana-da takomillashtirib, uning yangi tahririni ishlab chiqishni belgilab berdi.
Mazkur topshiriqning ijrosi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralararo maxsus ishchi guruh tuzilib, tegishli ishlar jadal amalga oshirilmoqda.
Yuqorida zikr etilgan talablar, kutilayotgan tahdidlar va vujudga kelayotgan imkoniyatlarni inobatga olgan holda, yangi tahrirdagi “Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiya”sining asosiy maqsad va vazifalari, deb quyidagilar belgilangan:
- zamonaviy xalqaro sharoitlardagi tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy sohalarda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ilgari surish;
- 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining samarali bajarilishini taʼminlash;
- mamlakatimizning milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini mustahkamlash;
- Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi – Markaziy Osiyoda doimiy tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, barcha mintaqaviy va ikki tomonlama muammolarni konstruktiv yondashuv, oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda, oqilona murosa va umumiy javobgarlik asosida birgalikda hal etishni taʼminlash;
- Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi imiji, oʻrni va obroʻsini mustahkamlashga qaratilgan barcha davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik va doʻstlik munosabatlarining barqaror tizimini barpo etish.
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Konsepsiyada tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy vazifalarning iyerarxiyasi kengaytirilib, bir qator quyidagi masalalar, yaʼni:
- jahon siyosatining madaniy-sivilizatsiyaviy va gumanitar qismi, diniy omil, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash;
- Oʻzbekistonning xorijdagi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqot va hamkorlikni rivojlantirish;
- yangi muhim xalqaro tendensiyalar, shu jumladan, iqtisodiy, tabiiy-xomashyoviy, texnologik va axborot omillarining ahamiyatini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xulosa sifatida shuni taʼkidlash joizki, yangi tahrirdagi Tashqi siyosiy faoliyat Konsepsiyasi:
- xorijda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini tizimli ravishda ilgari surishga;
- xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona, teng huquqli munosabatlarni va oʻzaro manfaatli hamkorlikni muttasil va izchil rivojlantirishga;
- Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimiga chuqur integratsiyalashuvi va xalqaro raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni yuksaltirish uchun qulay tashqi shart-sharoitlarni yaratishga;
- mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda samarali mintaqaviy hamkorlik tizimini shakllantirishga;
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish faoliyatini tubdan yaxshilashga;
- Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro imiji va nufuzini yana-da mustahkamlashga moʻljallangan.
Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi loyihasi idoralararo kelishuvdan oʻtgan va Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritilgan. Hujjat loyihasi oʻrnatilgan tartibda qabul qilinadi.
Hurmatli jurnalistlar!
Eʼtiboringizga mamlakatimizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin munosabatlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi Markaziy Osiyo mintaqasi, birinchi navbatda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qoʻshni davlatlar bilan uzoq muddatli va manfaatli munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirish hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlariga yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Mazkur tashriflar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilindi.
Buning natijasi oʻlaroq tarixan qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga burilishiga sabab boʻlgan ulkan oʻzgarishlar roʻy berdi.
Mintaqada mutlaqo yangi, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan siyosiy muhit va geosiyosiy reallik shakllandi.
Markaziy Osiyo davlatlari yuzaga keladigan har qanday muammolarni tinchlik yoʻli bilan, muzokarlar asosida va oʻzaro manfaatli tarzda hal qilish mumkinligini butun dunyoga namoyon etdilar. Bunday yutuqning asosida, tabiiyki, mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasida siyosiy muloqot va oʻzaro ishonch yotadi.
2021-yili ham mazkur yoʻnalishdagi proaktiv diplomatik faoliyat davom ettiriladi. Masalan, xabaringiz bor,
2021-yilning 16-18-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.H.Komilovning Tojikiston, Turkmaniston va Qozogʻistonga amaliy tashrifi tashkil etildi. Muzokaralar mobaynida mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, Markaziy Osiyoning global iqtisodiy jarayonlar va transport yoʻlaklariga integratsiyasi masalalari muhokama qilindi.
Bu kabi tashriflar va diplomatik chora-tadbirlar davom ettiriladi. Qoʻshni mamlakatlar bilan siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, hududlar va xalqlaro oʻrtasidagi aloqalarni jadallashtirish, davlatlararo chegaralalar boʻyicha muzokaralarni davom ettirish yoʻlida jadal ishlarni olib boramiz.
Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi asosida 2020-yili mintaqamizda yagona boʻlgan Markaziy Osiyo xalqaro ilmiy-tadqiqot insitutiga asos solindi.
Joriy yilda Oʻzbekistonda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiyani yuqori darajada tashkillashtirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Mamlakatimizning vatandoshlar bilan ishlash sohasida olib borayotgan ishlar sizlarni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois mazkur yoʻnalishga alohida toʻxtalib oʻtsam.
Ayni shu yoʻnalishda hukumatimiz tomonidan qator hujjatlar qabul qilindi. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqilib tasdiqlandi.
Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Vatandoshlar” jamgʻarmasini tuzish taklifi bildirilganidan yaxshi xabaringiz bor. Bu tashabbus xorijdagi hamyurtlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular bilan hamkorlikni hamda aloqalarni yana-da mustahkamlashga, rivojlantirishga qaratilgan. Ayni paytda jamgʻarma faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Keyingi yillarda koʻplab vatandoshlarimiz yurtimizga qaytib, turli sohalar rivojiga oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Hozirda ularning 150 nafardan ortigʻi rahbar hamda masʼul lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlar orasidan salohiyatli investorlar, malakali mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim hamda iqtidorli talabalardan iborat 30 dan ziyod xorij davlatlarida istiqomat qilayotgan 480 dan ortiq vatandoshlar roʻyxati shakllantirildi.
Shu kunga qadar roʻyxatdagi vatandoshlarning katta qismi bilan videomuloqotlar oʻtkazildi. Ular tomonidan bildirilgan loyihaviy takliflar viloyatlar hokimliklari hamda tegishli vazirlik va idoralari bilan birga amaliyotga tatbiq etish uchun ishlab chiqilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasida xorijda istiqomat qiladigan vatandoshlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularni qoʻllab quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli, doʻstona munosabatlarini qurishga oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlgan vatandoshlarga imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida toʻxtab oʻtilgan.
Bu yoʻnalishda xorijdagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga koʻmaklashish, vatandoshlarning Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilishga, uni jahon miqyosida oʻrganish va ommalashtirishga, oʻzlari istiqomat qilayotgan davlatlarida oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, hujjat loyihasida vatandoshlar hamda ular tuzgan tashkilotlar, jumladan, milliy madaniy markazlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, vatandoshlarning salohiyatini Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy va umumiy-siyosiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashga jalb qilish vazifalari belgilab qoʻyilgan.
Hurmatli jurnalistlar!
Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham aytib oʻtsam.
Afgʻoniston bilan aloqalarni izchil va har taraflama kengaytirishdan manfaatdormiz. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi mintaqaning barqaror iqtisodiy oʻsishi, gullab-yashnashi va farovonligini taʼminlash boʻyicha oʻzaro hamkorlikning mustahkam asoslarini shakllantirish uchun unikal strategik imkoniyat yaratadi.
Amaliy harakatlar doirasida, birinchi galda, mintaqalar oʻrtasidagi keng iqtisodiy va savdo-sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish ishlari faol davom ettirilmoqda. Ushbu yoʻnalishda asosiy vazifalarimizdan biri, bu Oʻzbekistonning transport salohiyati va imkoniyatlarini kengaytirishdir. Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Bu loyihani amalga oshirish yaqin muddatlardagi tashqi siyosatimizni ustuvor maqsadlaridan biri boʻlib qoladi.
Pokiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatini beradigan “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasining barcha jihatlarini muhokama qilish va amalga oshirish boʻyicha bir qator ishlar olib borilmoqda.
Xususan, uch davlat Transport vazirligi va mutasaddi tashkilotlari vakillari ishtirokida Ishchi guruhlar tashkil etildi.
Loyihaning amalga oshirilishi boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Qadrli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Bugungi kunda Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yana-da kuchaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
BMT shafeligida tuzilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast jamgʻarmasi 2018-yilda oʻz faoliyatini boshladi.
Hozirgi kunga qadar Trast jamgʻarmasi faoliyati uchun jami 26,1 mln AQSH dollariga teng mablagʻ jalb qilingan.
Norvegiya – 1,1 mln. dollar, Finlyandiya – 1 mln. yevro, Birlashgan Arab Amirliklari – 10,7 mln. dollar, Yaponiya – 3,2 mln. dollar, Janubiya Koreya – 1 mln. dollar, Yevropa Ittifoqi – 5,5 mln. dollar.
Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari orqali Trast jamgʻarmasiga yangi moliyaviy mablagʻlarni jalb etish maqsadida potensial donorlar va xayriya jamgʻarmalar bilan tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!