Shvetsiya Elchisi bilan uchrashuv

2021-yil 20-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shvetsiya Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Ingrid Tersmanni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlanayotgani munosabati bilan qabul qildi.

Uchrashuv chog‘ida Vazir Elchining O‘zbekiston-Shvetsiya munosabatlarini kengayishtirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi.

So‘nggi yillarda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Stokgolm shahrida ochilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston Elchixonasi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, I.Tersman o‘z faoliyati davomida (2016-2021 - yillar) Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq islohotlariga guvoh bo‘lganini bildirdi.

Shvetsiya Elchisi mamlakatimizda missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik izhor etdi.