ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Jumaxon G‘iyosovni qabul qildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tashkilotga a’zo davlatlarning terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashdagi o‘zaro hamkorligini ta’minlash bo‘yicha ShHTning asosiy organi bo‘lgan MATT faoliyatiga katta ahamiyat qaratmoqda.
Vazir J.G‘iyosovning tashkilotni yanada rivojlantirish va ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ijobiy sur’atini ta’minlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.
O‘z navbatida, J.G‘iyosov o‘z missiyasini muvaffaqiyatli bajarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.
2022-yil 1-yanvardan ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimida O‘zbekiston vakili Ruslan Mirzayev faoliyatini boshlaydi.