Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 2021-yil 18-fevral kuni Qozog‘iston Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi bilan uchrashdi.
Tadbirda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishning asosiy jihatlari muhokama qilindi, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan rejalar belgilab olindi.
Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar jadvali to‘g‘risida fikr almashildi. Tomonlarning savdo-iqtisodiy va transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rivojlantirish va chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Vazirlar Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyat hamda mintaqaviy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlarni muhokama qildilar. Infratuzilmaviy va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali dunyoning boshqa mintaqalari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Qozog‘iston tomoni joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.