Qatar TIV rahbari bilan uchrashuv

2021-yilning 9-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Qatar Davlati Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy bilan uchrashdi.

Bu Qatar Tashqi siyosat idorasi rahbarining O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi.

Muzokaralar chog‘ida siyosat, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalaridagi O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligi muhokama qilindi.

Turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan rasmiy uchrashuvlarning jadvali va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyada Qatar tomonining ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida “Havo qatnovi to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. Unga ko‘ra “Doha-Toshkent-Doha” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.