Qatar Davlati Savdo-sanoat vaziri bilan uchrashuv

2021-yilning 11-aprel kuni Doha shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatar Davlati Savdo va sanoat vaziri Ali bin Ahmad al-Kuvariy bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar savdo aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, qoʻshma iqtisodiy tadbirlarni oʻtkazish masalalarini muhokama qildilar.

Suhbat davomida Qatar tomoniga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya faoliyati, jumladan, erkin iqtisodiy zonalarda qulay shart-sharoitlar yaratish va davlat korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Hamkorlikni rivojlantirish uchun tomonlarda ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini tasdiqlar ekan, Qatar Savdo va sanoat vaziri iqtisodiyotning tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarida savdo va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish zarurligini taʼkidladi.

Qatar tomoni, avvalambor, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga, Oʻzbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.