Qatar Amiri bilan uchrashuv

2021-yilning 11-aprel kuni Doha shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan qabul qilindi.

Vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga yoʻllagan maktubini yetkazdi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston-Qatar munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi oʻzaro aloqalarning dolzarb jihatlari toʻgʻrisida fikr almashildi.

Oʻzbekiston va Qatar koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Tomonlar oʻzaro siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni sezilarli darajada oshirish zarurligini taʼkidladilar.

Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish va xavfsizlikni ta’minlash boʻyicha afgʻonlararo inklyuziv muzokaralarni ilgari surishning muhimligi taʼkidlandi.

Qatar tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdi.