Polsha Elchisi bilan uchrashuv

2021-yil 25-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Polsha Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Radoslav Grukni qabul qildi.

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, Elchini mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning professional tajribasi va bilimlari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Polsha hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Muloqot chog‘ida ochiq va konstruktiv ikki tomonlama siyosiy muloqotni davom ettirishning muhimligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlarning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlarning savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tovar aylanmasi hajmlarini oshirish, hududlararo aloqalarni faollashtirishga qaratayotgan e’tiborining ustuvorligi e’tirof etildi.

Ta’lim sohasidagi sheriklik aloqalarini chuqurlashtirishdan  ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.