O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi axboroti
Rossiya Federatsiyasi Hukumatining farmoyishiga ko‘ra, Fuqarolari hamda doimiy yashash huquqiga ega shaxslari Rossiya Federatsiyasi chegarasidan havo o‘tish punktlari orqali Rossiyaga kirishi mumkin bo’lgan davlatlar ro‘yxatiga 6 ta mamlakat, shu jumladan, O‘zbekiston ham kiritildi.
Shunday qilib, 2021-yil 1-apreldan boshlab Rossiyaga havo o‘tish punktlari orqali kirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
− O‘zbekistondan Rossiyaga havo punktlari orqali kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
− ko‘rsatib o‘tilgan farmoyishda keltirilgan davlatlardan (Buyuk Britaniya, Tanzaniya, Turkiya, Shveysariya, Misr, Maldiv Orollari, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Koreya Respublikasi, Kuba, Serbiya, Yaponiya, Seyshel Orollari, Efiopiya, Vyetnam, Hindiston, Qatar, Finlandiya, Ozarbayjon, Armaniston, Gretsiya, Singapur, Tojikiston, Venesuela, Germaniya, Suriya, Tojikiston, Shri-Lanka) birida yashash uchun guvohnoma yoki boshqa doimiy istiqomat qilish huquqini beradigan hujjatga ega O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
− Rossiyaga havo punktlari orqali kirib keladigan O‘zbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnomaga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar.
Rossiya tomonidan reyslar haqida qo‘shimcha maʼlumotlar olingan taqdirda bu borada axborot taqdim etiladi.