O‘zbekiston TIV rahbari Yashil o‘sish global instituti Assambleyasi raisi bilan uchrashdi
2021-yilning 31-iyul kuni Seulda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yashil o‘sish global instituti (GGGI) Assambleyasi raisi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida Yashil o‘sish global institutiga birinchi a’zo davlat bo‘lganligini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. Toshkentda GGGIning Markaziy Osiyodagi birinchi vakolatxonasi ochildi. O‘ndan ortiq qo‘shma tadbirlar amalga oshirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston va GGGI o‘rtasidagi qator sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, yashil iqtisodiyot texnologiyalarini joriy etish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda KOIKA va GGGI o‘rtasidagi qiymati 5,6 million AQSh dollariga teng loyiha doirasida Orol dengizi mintaqasining ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik holatini yaxshilash bo‘yicha o‘zaro munosabatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining Orol dengizi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganini e’tirof etdilar.