O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari “Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilikning o‘rnatilishi va O‘zbekistonning pragmatik tashqi siyosati” mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi

2021-yilning 23-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish maqsadida tashkil etilgan media-hollda “Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilikning o‘rnatilishi va O‘zbekistonning pragmatik tashqi siyosati” mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Anjumanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov so‘zga chiqib, O‘zbekistonning bugungi tashqi siyosati, shu jumladan, Markaziy Osiyodagi o‘zaro munosabatlarga yaxshi qo‘shnichilik asosidagi yondoshuvi uzoq muddatli va strategik xususiyatga ega ekanini qayd etdi.

“Bugungi tadbir Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi hamkorlikning hozirgi holati hamda istiqbollari yuzasidan samarali fikr almashish, bu boradagi ilmiy qarashlarni boyitish uchun qulay imkoniyat yaratadi, – dedi vazir o‘rinbosari. – O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, yangilanish va izchil rivojlanish barcha sohalarda, shu jumladan, tashqi siyosatda ham o‘z aksini topmoqda. Ichki siyosatning xalqaro maydondagi uzviy davomi sifatida tashqi siyosat mamlakatimizdagi tub o‘zgarishlar bilan hamohang tarzda amalga oshirilmoqda, islohotlarning uzluksiz davom etishi uchun qulay tashqi shart-sharoitlarni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

O‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning jahon miqyosida siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarda tub burilish yasaldi. O‘n yillar davomida odatiy tus olgan murosasizlik, o‘zaro ishonchsizlik va shubha-gumonlar tizimini bartaraf etishga erishildi. Natijada mintaqada mutlaqo yangi – mushtarak xayrihohlik, hamkorlik muhiti yaratildi.

Markaziy Osiyoda yangi siyosiy voqelikning ramzi sifatida O‘zbekiston tashabbusi asosida shakllangan Mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmini qayd etish mumkin. Bunday sammitlarning uchtasi Nur-Sulton, Toshkent va Turkmanboshida bo‘lib o‘tdi.

Bu noyob format uzoq yillar davomida mintaqada mavjud bo‘lmagan o‘zaro iliqlik muhitini yaratib, besh davlat rahbarlarining uchrashuvlariga muntazamlik tusini berdi. 

Oliy darajadagi Maslahat uchrashuvlari mintaqamizning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

2017-2020-yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki karra oshib, umumiy qiymati 2,7 milliard AQSh dollaridan 5,2 milliard dollarga yetdi. Yurtimizda mintaqa mamlakatlari bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar soni 1991-2016-yillarda 312 tadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 2017-2020 yillar davrida bu ko‘rsatkich 1 ming 530dan ortib ketdi.

Jiddiy o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiyot statistikasida, balki oddiy odamlar hayotida ham kuzatila boshlandi. Chegaralar ochildi, viza masalalari hal etildi. Qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar orasida uzilib qolgan aloqalar tiklandi, insonlar bir mamlakatdan ikkinchisiga erkin borib kela boshladi. 

Madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanib, mintaqada mutlaqo yangi yo‘nalish – Markaziy Osiyo ichki turizmi paydo bo‘ldi.

Yana bir tamoman yangi jarayon – Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydonda o‘zaro hamjihat harakatlana boshlaganidir. So‘nggi to‘rt yil ichida O‘zbekiston tashabbuslari asosida Markaziy Osiyo mamlakatlarining qo‘shma sa’y-harakatlari natijasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, mintaqada diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, turizmni rivojlantirish va Orol muammosini hal etishga qaratilgan BMTning 4 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Asosiy natijalardan biri – bu O‘zbekiston imijining tubdan o‘zgargani bo‘ldi. Buni O‘zbekistonning jahonda demokratik jamiyat, kuchli, raqobatbardosh iqtisodiyot, innovatsion institutlar va infratuzilmaga ega mamlakat sifatida qabul qilinayotganida ko‘rishimiz mumkin.

Qo‘shni davlatlar bilan oliy darajadagi ishonchli munosabatlar va ochiq muloqot o‘rnatilib, ikki tomonlama va umummintaqaviy masalalarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va oqilona murosalar asosida hal qilish uchun zarur kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonning barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi. Mazkur ibora mintaqamizda yaratilgan hamkorlik va o‘zaro anglashuvga ijobiy siyosiy muhitni o‘zida yaqqol aks ettiradi.

Muhtaram ishtirokchilar!

O‘zbekistonning tashqi siyosati, shu jumladan Markaziy Osiyodagi munosabatlarga yaxshi qo‘shnichilik yondashuvi uzoq muddatli, strategik va izchil tabiatga ega.

Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro institutining tashkil etilishi ham O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatga alohida e’tibor qaratishidan, mazkur yo‘nalishning biz uchun naqadar istiqbolli, ustuvor ekanidan dalolat berib turibdi.

Bizning nazarimizda, Markaziy Osiyoda so‘nggi besh yilda erishilgan yutuqlar naqadar muhim bo‘lmasin, hali oldimizda murakkab va katta vazifalar turibdi. Mintaqamizni xalqlarimiz orzu qilgan taraqqiyot va xavfsizlik darajasiga olib chiqish, zamonaviy dunyo talablariga javob bera oladigan farovonlik va hamkorlik makoniga aylantirish vazifasi bizdan yangi izlanishlar, izchil sa’y-harakatlarni taqozo etadi.

Shuning uchun Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Yaqin kelajakda biz mintaqadagi hamkorligimizda quyidagi maqsad va vazifalarga alohida e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, biz Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish tarafdorimiz va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida alohida bitim ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Buning uchun istiqbolda yangi o‘sish nuqtalari va taraqqiyotning yangi omillarini aniqlash juda muhim. Mamlakatlarimiz o‘rtasida chegarooldi hududlar savdo-sotig‘ini yanada kengaytirish, erkin savdo tizimiga o‘tish maqsadida mavjud to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish lozim. Sanoat kooperatsiyasi natijasida biz yangi qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratishimiz mumkin. 

Shu maqsadda tadbirkorlar va hududlar o‘rtasida biznes aloqalarni rag‘batlantirish, iqtisodiy forumlar o‘tkazishni muntazam yo‘lga qo‘yish kerak. 

Ikkinchidan, qadimdan Buyuk ipak yo‘lining asosiy chorrahalaridan biri bo‘lgan mintaqamiz bugun ham zamonaviy logistika-kommunikatsiya tarmog‘ida o‘ziga munosib o‘rin tutishga haqli va buning uchun yetarli salohiyatga ega. Shu bois ham biz mamlakatlarimizdagi bir-biriga integratsiyalashgan transport tizimlari yordamida Markaziy Osiyoni Yevroosiyo qit’asining muhim transport xabiga aylantirish tarafdorimiz. Bu maqsadda mavjud transport yo‘laklari va infratuzilmalaridan, jumladan, Kaspiy dengizi portlari, Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi transchegaraviy logistika tizimidan foydalanishni kengaytirish, hamda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘llari, Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar transafg‘on koridori loyihalarini ilgari surishda davom etamiz.

Uchinchidan, bugungi kunda Markaziy Osiyoda 75 milliondan ortiq aholi yashaydi. Keyingi o‘ttiz yilda bu ko‘rsatkich 100 milliondan ortadi. O‘sib borayotgan aholi sonining aksariyat qismini yoshlar tashkil etsa, uning deyarli yarmi ayollardan iborat.

Shuning uchun ham istiqbolda mintaqadagi do‘stlik – birodarlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lida “xalq diplomatiyasi”ni kuchaytirishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqotini yanada rivojlantirish, mintaqa kelajagining hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimizni birlashtirish biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. 

Xususan, 2022-yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Bu tadbir mamlakatlarimiz hukumatlari va yoshlari o‘rtasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, interfaol muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun maxsus platformani shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.

To‘rtinchidan, mintaqa mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish hamda o‘sib borayotgan aholining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvlarini doimiy ravishda o‘tkazib borish muhim deb bilamiz. 

Bunday uchrashuvning 2022-yilda bo‘lib o‘tadigan birinchi yig‘ilishi kun tartibiga Oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy tizimni joriy etish masalasini kiritmoqdamiz. Bu agrosanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va ularning sifatini nazorat qilish, jumladan, xalqaro bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlari va qo‘shma dasturlarni belgilab olish imkonini beradi.

Beshinchidan, pandemiya hamon aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognozlariga ko‘ra, biz uning oqibatlarini yaqin yillarda ham his qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Bu esa, bizdan yaqin mintaqaviy hamkorlikni talab qiladi. Buning uchun vaksinatsiya sertifikatlari va test natijalarini tan olish maqsadida yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, tashhis qo‘yish va davolashda tajriba almashish hamda tibbiyot xodimlarini tayyorlashni kengaytirish, hayotiy muhim dori-darmonlarni ishlab chiqarish uchun farmatsevtika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim, deb hisoblaymiz.

Oltinchidan, mintaqadagi ekologik muammolar barchamizning diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. 

Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish uchun ko‘rilayotgan choralarni kuchaytirish, hamkorlik ko‘lamini kengaytirishimiz kerak. Bu borada Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama trast fondining amaliy faoliyati yanada rivojlantirish muhim.

Bundan tashqari, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlariga moslashuv va resurslarni tejash texnologiyalarini tatbiq etishga ko‘maklashadigan “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni boshlaydi. Biz yaqin istiqbolda "yashil" energetika texnologiyalarini joriy etishga e’tibor qaratib, bu boradagi hamkorlikni kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Hurmatli ishtirokchilar!

Markaziy Osiyo haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘oniston omilini hisobga olmaslik mumkin emas. Butun mintaqamiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan bu qo‘shni mamlakatdagi vaziyat bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo – bu bizning umumiy uyimiz, Afg‘oniston esa, tarixan ko‘p jihatdan mintaqaning ajralmas qismi. Ushbu mamlakat bilan biz asrlar davomida yagona madaniy-tamaddun makonida yashab kelganmiz.

Qolaversa, Afg‘oniston Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “issiq dengiz”larga chiqish, dunyo bilan bog‘lanish uchun transport yo‘laklarini xilma-xilligini ta’minlashda zarur bo‘lgan muhim geografik joylashuvga ega. 

Joriy yil 15-16-iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiya natijalari xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonning ikki mintaqa o‘rtasida to‘siq emas, ko‘prik bo‘lishidan manfaatdor ekanini ko‘rsatdi.

Shunday ekan Afg‘onistondagi bugungi vaziyat bizni xavotirga solmasligi mumkin emas. Hozirda ushbu mamlakatda qanday murakkab jarayonlar kechayotgani bu yerda to‘planganlarning barchasiga yaxshi ayon. Bundan tashqari, mazkur davlatda kuzatilayotgan og‘ir siyosiy-iqtisodiy holat yaqinlashib kelayotgan suronli qish kunlari o‘tkir gumanitar inqirozga aylanib, katta qochoqlar oqimini paydo qilishi ehtimoli mavjud. 

Bunday qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan nafaqat biz, qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. 

Shu bois O‘zbekiston afg‘on xalqiga bor imkoniyatdan foydalangan xolda ko‘maklashmoqda. Biz o‘zbek-afg‘on chegarasini tezkor tarzda qaytadan ochib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur bo‘lgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tikladik.

Shuningdek, do‘stlik ramzi sifatida afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatmoqdamiz. Bu borada biz dunyo hamjamiyati bilan yaqindan hamkorlik olib bormoqdamiz va bunday sheriklikni yanada faolroq davom ettirishga tayyormiz.

Xususan, BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistonga yordam berish doirasidagi asosiy logistik markazini Termizda joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan afg‘on xalqi uchun yuborilayotgan gumanitar yuklar Termizdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga yetkazilmoqda. Surxondaryoda Afg‘onistonga insonparvarlik yordami berish uchun BMT agentliklari bilan hamkorlikda katta kargo markazi shakllantirilmoqda.

2021-yil 7-oktabr kuni Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish, shuningdek, energetika va transport sohasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. 

Shuningdek, joriy yil 16-oktabr kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston hay’atiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, afg‘on tomoniga Afg‘oniston Islom Amirligi Muvaqqat hukumati raisining o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy boshchilik qildi.

Afg‘oniston bilan “Mozori-Sharif” xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli muzokaralar olib bormoqdamiz.

Xonimlar va janoblar!

O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikka ahil qo‘shnichilik asosidagi yangicha yondashuvlari Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi – o‘zaro xayrihohlik muhitining yaratalishida muhim katalizator bo‘lgani hozirgi kunda xalqaro maydonda keng e’tirof etilmoqda.

O‘zbekistonning faol, konstruktiv tashqi siyosati, shu jumladan Markaziy Osiyodagi munosabatlarga, xususan, Afg‘onistonga yaxshi qo‘shnichilik yondashuvi uzoq muddatli, strategik va izchil tabiatga ega.

E’tiboringiz uchun rahmat!”