O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Y.Kabuljanovning brifingi (2021-yil 5-may, Toshkent shahri)
Hurmatli jurnalistlar!
Brifingimizga xush kelibsiz!
Avvalo, sizlarni yaqinda nishonlangan 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni bayrami bilan chin qalbdan tabriklayman!
Shuni ta’kidlashni istardimki, Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili milliy va xorijiy jurnalistlar uchun birinchi marta brifing o‘tkazmoqda. Bizning siz, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha juda katta rejalarimiz bor.
Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida axborot sohasini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Sizlar bilan uchrashuvimiz ham mazkur islohotlar natijasiga mos keladi.
Shuni ishontirib aytamanki, Tashqi ishlar vazirligi siz, jurnalistlar bilan muntazam va ochiq muloqotni o‘rnatishga tayyor.
Bugungi anjumanni 3 ta qismga bo‘lib o‘tkazishni taklif etaman:
1) joriy yilning yanvar-aprel oylarida bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) bo‘lajak tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar;
3) kelib tushgan savollarga javoblar.
Aziz hamkasblar!
I. 2021-yilning yanvar-aprel oylarida Vazirlik va xorijdagi diplomatik idoralarimiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirdi.
1. Xabaringiz bor, pandemiya barcha sohalarga, jumladan, diplomatik faoliyatga ham ma’lum darajada o‘zgarishlar kiritdi. Shunga qaramay, biz xalqaro hamkorlik sur’atini saqlab qolish va oshirishga erishdik.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Hafizovich Kamilov O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surish, o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va respublikaning dunyo miqyosidagi obro‘sini mustahkamlash maqsadida xorijiy sheriklar bilan faol ravishda uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.
Shunday qilib, hisobot davrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga 28 ta tashrifi tashkil etildi.
Tashqi ishlar vazirligida xorijiy davlatlardan kelgan 26 ta delegatsiya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Vazirlik rahbariyati tomonidan videokonferensiyalar va telefon orqali suhbatlar shaklida 25 ta muzokara o‘tkazildi.
Endi e’tiboringizga shu yilning dastlabki to‘rt oyidagi ayrim muhim voqealarni eslatib o‘taman.
Xususan, fevral oyida Tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga amaliy tashrif bilan bordi. U yerda mazkur davlatlar Prezidentlari tomonidan qabul qilindi. Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish va mintaqaviy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mart oyida Tashqi ishlar vaziri Rossiyaga tashrif buyurib, ushbu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ikki tomonlama kun tartibidagi asosiy masalalarni muhokama qildi.
Yana bir muhim voqea – Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon suhbati bo‘ldi. Amerika tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni, xususan, din erkinligini ta’minlash va odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muhim yutuqlarni yuqori baholadi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chon Iy Yon o‘rtasidagi telefon suhbati davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish va Janubiy koreyalik investorlar va moliyaviy tashkilotlar ishtirokida loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan muzokaralar yakunida afg‘on tomoni Afg‘onistonda tinchlik jarayoni va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekistonning izchil sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalarida ijtimoiy va infratuzilmaviy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish, yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish uchun ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Islomobod shahrida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan muzokaralar olib bordi. Suhbat davomida imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim tuzish, bank va bojxona hamkorligini yo‘lga qo‘yish va muntazam havo qatnovlarini tiklash masalalari muhokama qilindi.
Mart oyida Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li raisligida O‘zbekiston-Turkiya strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, tashrif doirasida Turkiyaning Samarqand shahridagi Bosh konsulxonasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Ilmiy va ma’rifiy sohadagi sheriklik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish, Farg‘ona oliy turizm maktabi hamda Turkiyadagi Xo‘ja Bayram Valiy nomidagi universitet bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vazirining Doha shahrida bo‘lib o‘tgan Qatar tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bilan uchrashuvi davomida tomonlar siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni har tomonlama mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Vazirimizning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri Ann Linde bilan ushrashuvi alohida diqqatga sazovor. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning tashkilot bilan aloqalariga oid dolzarb masalalar, O‘zbekiston-Shvetsiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Kuni kecha Vazir Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Iv le Drian bilan telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlar kun tartibini muhokama qildi, «Fransiya – Markaziy Osiyo» shaklidagi 2-vazirlar uchrashuvini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Ko‘p tomonlama hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi, «Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni» forumi yig‘ilishlarida, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining «S5+1» shaklidagi ushrashuvida ishtirok etdi.
Belarus, Jazoir, Latviya, Polsha, Portugaliya, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Shvetsiya, Eron va Qatar tashqi siyosat idoralari bilan maslahatlashuvlarning navbatdagi davralari o‘tkazildi.
Tashqi ishlar vazirligi BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda COVAX mexanizmi doirasida respublikaga 660 ming doza COVID-19ga qarshi vaksinaning olib kelinishi masalasini ishlab chiqdi.
2. Xalqaro hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini kengaytirish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-aprel oylarida bevosita vazirlik ishtirokida 56 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
5 ta ikki tomonlama hujjat kuchga kirdi. Ular orasidan quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
– O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Hukumatlari o‘rtasidagi Mehnatkash-migrantlarning mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitim (Toshkent shahri, 2019-yil 15-aprel);
– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (Minsk shahri, 2019-yil 1-avgust);
– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasidagi Iqtisodiy, savdo va texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (Doha shahri, 2010-yil 24-noyabr).
Bundan tashqari ushbu davrda 3 ta ko‘p tomonlama hujjat ham kuchga kirdi:
– MDH ishtirokchi davlatlarining fundamental tadqiqotlar sohasidagi davlatlararo munosabatlarni muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi bitim (Ashxobod shahri, 2019-yil 31-may);
– Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kotibiyatining moliyaviy qoidalari to‘g‘risidagi bitim (Bishkek shahri, 2012-yil 23-avgust);
– Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi konvensiyaning elektron yuk xatiga oid Qo‘shimcha bayonnomasi (Jeneva shahri, 2008-yil 20-fevral).
3. Faol iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirish Vazirlik va diplomatik vakolatxonalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Vazirlik va barcha diplomatik vakolatxonalarning faol sa’y-harakatlari evaziga hamda sohaviy, mintaqaviy korxonalarning birgalikdagi yaqin hamkorligi natijasida umumiy qiymati 314,5 million AQSh dollariga teng 367 ta yangi eksport shartnomalari imzolandi. Natijada hisobot davridagi eksport hajmi 2020 yilning ayni davriga nisbatan 32% ga o‘sib, 2 250 million AQSh dollarini tashkil qildi.
Eksport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ishlar natijasida 10 apreldan boshlab O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqining«GSP+» tizimi benefitsiar davlati maqomi berildi. Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi borasida faol ishlar olib borilmoqda.
Transport koridorlari, Janubiy Osiyodagi yangi bozorlar va dengiz portlarga chiqish yo‘llarini diversifikatsiya qilish doirasida «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transafg‘on temir yo‘li loyihasi ishlab chiqilmoqda.
4. Konsullik-huquqiy yo‘nalish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
– 6 673 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirildi;
– xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 1 934 nafar O‘zbekiston fuqarolariga ko‘mak, xususan konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi;
– xorijdagi 884 nafar fuqaro moliyaviy yordam oldi.
Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni o‘rnatish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularning imkoniyatlarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish imkoniyatiga ega 484 nafar vatandoshlarimizni o‘z ichiga olgan «Oltin daftar» shakllantirildi.
Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida 15 747 nafar fuqarolarimiz xorijiy mamlakatlarda ishga joylashtirildi.
Shuni ta’kidlash joizki, davlat chegaralarining yopiq bo‘lishiga qaramay diplomatlarimiz tomonidan xorijiy sheriklar bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarolarini chet el mamlakatlarida ish bilan ta’minlash masalasi hal qilindi. Misol tariqasida kuni kecha koronavirus pandemiya sharoitida mavsumiy ishlarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 63 nafar O‘zbekiston fuqarosi Koreya Respublikasiga «Ye-8» vizasi bilan jo‘nab ketganini aytib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama Memorandum imzolagan va migrantlarning ushbu mamlakat hududiga «Ye-8» viza bilan kirishi masalasini ishlab chiqqan yagona davlat hisoblanadi.
Hisobot davrida Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga fuqarolardan 68 296 ta murojaat kelib tushdi. Ularning hech biri e’tibordan chetda qolmadi.
Shu bilan birga 30 000 dan ziyod chet el fuqarolariga mamlakatimizga kirish vizalari rasmiylashtirildi.
5. Respublika rahbariyati topshirig‘iga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Vazirlikka biriktirilgan Ohangaron shahri aholisining ijtimoiy sohadagi muammolarini o‘rganish va hal qilish borasida «mahallabay» tizimida ishlar faol davom ettirilmoqda
Xususan:
– «Dasturlash» mutaxassisligi bo‘yicha 50 nafar yoshni imtiyozli asosda o‘qitish masalasi ishlab chiqildi;
– «Maktabga kitoblar sovg‘a qilish» xayriya aksiyasi doirasida shaharning 9 ta umumta’lim maktabiga 500 dona kitob topshirildi;
- 6 ta mahalla fuqarolar yig‘ini organlariga kompyuterlar, printerlar va mebel jihozlari berildi;
- 7-son imkoniyati cheklangan bolalar maktabiga nogironlar aravachalari, o‘quv anjomlari, stol va stullar, kompyuter uskunalari sovg‘a qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik muassasalari vakillarining Ohangaron shahrining mahallalari va tumanlari kesimida ishlari davom etmoqda.
6. Xorijiy mamlakatlarda axborot-tushuntirish ishlari faol olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan 2 253 ta turli tadbirlar, shu jumladan taqdimotlar, uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.
Aziz jurnalistlar!
II. Vazirlik va xorijiy vakolatxonalar tomonidan
2021 yilning may-iyun oylarida ko‘plab tadbirlar rejalashtirgan.
10 may kuni vazir Abdulaziz Kamilovning Fransiya Yevropa va tashqi ishlar vazirligi tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik bo‘yicha vazir – delegat Frank Riyester bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.
11-12 may kunlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining “Xitoy – Markaziy Osiyo davlatlari” shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi ishida qatnashishi kutilmoqda.
23-27 may kunlari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Piter Burianning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.
Bundan tashqari, kun tartibida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Strategik sheriklik muloqotining birinchi uchrashuvini Toshkent shahrida tashkil etish masalasi turibdi.
Vazirning “O‘zbekiston Respublikasi-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik Kengashi ishida ishtirok etish hamda Yevropa Komissiyasi, Yevropa tashqi aloqalar xizmati va Belgiya tashqi ishlar vazirligi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun Bryussel shahriga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Quyidagilarni o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda:
– Siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" muloqoti yig‘ilishi;
– O‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi vazirlar uchrashuvi;
– “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yuqori lavozimli mulozimlari uchrashuvlari.
Bangladesh, Pokiston va Ukraina tashqi ishlar vazirliklari bilan navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda.
Madaniy-gumanitar tadbirlar ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, 22 may kuni Venetsiyada Xalqaro Arxitektura Biyennalesi ochiladi, unda O‘zbekiston birinchi marta "Mahalla: shahar va qishloq hayoti" mavzusidagi milliy pavilon bilan ishtirok etadi.
“Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari"ni hamda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Tojikiston ijodiy ziyolilar forumini o‘tkazish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan 3 230 ta tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Barcha tadbirlarning aniq sanalari dunyodagi sanitariya-epidemiologiya vaziyatdan kelib chiqib belgilanishini ma’lum qilamiz.
Hurmatli jurnalistlar!
III. Endi elektron pochtamizga ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yuborilgan bir qator savollarga javob berishga ijozat bering.
“Kun.uz” nashridan savol:
“O‘zbekistonning Gretsiyadagi Bosh konsulxonasi yopilishi haqidagi ma’lumot ishonchlimi?”
Javob: O‘zbekiston Hukumati tomonidan Afina shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasini yopish va Shvetsiya Qirolligida O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
2021-yil aprel oyida ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, Gretsiya bilan doimiy siyosiy, diplomatik va savdo-iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish uchun ushbu mamlakat bilan hamkorlikni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Elchixonasiga yuklatildi.
“O‘zA” agentligidan savol:
“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muntazam uchrashib turadimi?”
Javob: Nutqimning boshida men milliy va xorijiy jurnalistlar bilan muntazam va ochiq muloqot o‘rnatishga tayyor ekanligimni e’lon qildim. Shu munosabat bilan biz muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bunday brifinglarni o‘tkazmoqchimiz. Ularning har biri haqida rasmiy manbalarimiz orqali oldindan xabar beramiz.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
IV. Bugungi brifingda ishtirok etganingiz uchun barchangizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shuningdek, siz, jurnalistlar bilan yaqin va konstruktiv o‘zaro aloqalarni o‘rnatish yo‘lidagi harakatlarimizning boshlanishi hisoblanadi. Biz har doim har qanday yordamni ko‘rsatishga, savollaringizga va so‘rovlaringizga javob berishga tayyormiz.
E’tiboringiz uchun tashakkur!
Sizga barcha yaxshi tilaklarni tilayman!