O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Turkiy kengashga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari majlisida ishtirok etdi
2021-yil 27-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash)ning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan Tashqi ishlar vazirlari kengashi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari va Turkiy Kengash kotibiyati Afg‘oniston yo‘nalishida birgalikda qo‘shma harakatlar jihatlarini, xususan, keng vakillik asosida Afg‘oniston hukumatini tuzish zarurligi, inson huquqlariga, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqlariga rioya qilinishini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Afg‘oniston masalasiga taalluqli asosiy masalalar bo‘yicha mamlakatimiz pozitsiyasiga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug‘dirmasligi kerak.
Dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg‘onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsion jarayonlariga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘lib qolishi kerakligi ta’kidlandi.
Mojarodan keyingi Afg‘oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko‘rsatilishi davom etishi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida Turkiy Kengashga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.