Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2020-yildagi faoliyati haqida hisobot
2020-yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning koʻrsatma va topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish borasida quyidagi yoʻnalishlarda tizimli ishlarni amalga oshirdi.
I. Xorij davlatlari bilan ikki tomonlama hamkorlik
2020-yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi va Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Prezidentining 70 dan ziyod davlat rahbarlari bilan muloqotlari va videoanjuman shaklidagi sammitlari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilangan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik davom ettirildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli kiritilgan cheklov choralariga qaramay, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan mintaqa davlatlari rahbarlari bilan doimiy muloqot olib borildi.
Qoʻshni mamlakatlar bilan davlat chegaralari delimitatsiyasi va demarkatsiyasi masalalari boʻyicha muzokaralar davom ettirildi. Transport va logistika sohasida muntazam hamkorlik olib borildi.
Mintaqa xavfsizligi va barqarorligi uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan afgʻon muammosini hal qilish, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faol diplomatik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan Afgʻoniston masalalari boʻyicha maxsus doimiy qoʻmitani tashkil etish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Hisobot yilida Oʻzbekiston manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan 600 dan ortiq yuqori darajadagi hamda idoralararo tashriflar, uchrashuvlar va onlayn-muloqotlar oʻtkazildi.
Parlament diplomatiyasi rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida 50 ga yaqin xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar darajasidagi tashrif va uchrashuvlar tashkillashtirildi.
II. Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama hamkorligi
2020-yil sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ishtirok etib, konseptual muhim tashabbuslarni xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etdi. Mazkur tashabbuslarni faol ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.
Inson huquqlarini taʼminlash sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi sahifa ochildi: Oʻzbekiston ilk marotaba BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining aʼzosi etib saylandi.
Mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha yigʻilishi kabi tuzilmalar bilan aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi.
Jumladan, Oʻzbekistonning MDHdagi raisligi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, yil mobaynida 60 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi.
2020-yili Oʻzbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzurida kuzatuvchi davlat maqomini oldi.
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish, Yevropa Ittifoqi (YEI) bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolash hamda YEI Imtiyozlar bosh tizimida (GSP+) benefitsiar davlat maqomini olish borasida ishlar izchil davom ettirildi.
III. Xaqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi transport-logistika, bojxona, xavfsizlik, xalqaro xususiy huquq, migratsiya, ilm-fan, taʼlim, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi 6 ta xalqaro va 5 ta mintaqaviy darajadagi koʻp tomonlama shartnomalarga qoʻshildi.
Savdo-sotiq, investitsiyalar, sanoat, bank-moliya, energetika, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, huquqni muhofaza qilish, mudofaa, taʼlim, sogʻliqni saqlash singari jabhalarda xorijiy davlatlar bilan 32 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Shveysariya va Hindiston bilan moliyaviy-texnikaviy hamkorlik (grant, imtiyozli kredit) bitimlari tasdiqlandi.
IV. Koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish boʻyicha xalqaro hamkorlik
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash va pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda:
– 350 million AQSH dollaridan ortiq ortiq grant va moliyaviy-texnik mablagʻlar;
– 11,6 million AQSH dollari miqdorida insonparvarlik yordami;
– Sirdaryo va Buxoro viloyatlariga 1 million AQSH dollaridan ortiq begʻaraz yordam jalb qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi 10 ta davlatga, shu jumladan, Afgʻoniston, Belarus, Vengriya, Ozarbaydjon, Rossiya, Tojikiston, Xitoy, Eron, Qirgʻiziston va Qozogʻistonga insonparvarlik yordami koʻrsatib, tegishli idoralar bilan hamkorlikda ushbu yuklarning manziliga yetkazib berilishi taʼminlandi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashda tajriba almashinish maqsadida mamlakatimizga xorijdan 150 ga yaqin yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi.
IV. Iqtisodiy diplomatiya
2020-yili Vazirlikning bevosita yordamida umumiy qiymati 800 million AQSH dollariga teng 900 ta eksport shartnomasi imzolandi. 250 ta mahalliy yirik eksportchi korxonalarga manzilli yordam koʻrsatildi. 42 ta mamlakatga 211 turdagi mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyish orqali yangi bozorlar oʻzlashtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida respublikaga 5 mingdan ortiq chet ellik mutaxassislar jalb qilindi, 3 mingga yaqin xorij texnologiyalari keltirildi.
Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasiga xorijiy donorlardan 26,1 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ jalb qilindi.
V. Xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash
Koronavirus pandemiyasi davrida xorijda qolgan vatandoshlarimizga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan,
2020-yil 25-yanvardan buyon Vazirlik huzuridagi maxsus shtab faoliyati doirasida 600 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi Vatanimizga qaytarildi, chet elda qiyin ahvolda qolgan 100 mingga yaqin vatandoshimizga yordam koʻrsatildi.
Xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolariga konsullik xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish maqsadida “Interaktiv konsullik xizmatlari” portali yangilandi, Rossiyadagi fuqarolarimiz uchun “koll-markaz” tashkil etildi.
Oʻzbekiston va xorij davlatlarining tegishli idoralari bilan hamkorlikda 12 mingga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida chet elga ishga yuborildi.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2020-yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan xulosa qilingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning topshiriq va koʻrsatmalari doirasida 2021-yil uchun faoliyat dasturi ishlab chiqilmoqda.