Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi press-relizi
Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshni Afgʻonistonda saqlanib turgan murakkab vaziyat munosabati bilan, chet ellik hamkorlarning murojaatlariga javoban, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga sodiqlik ruhida qator davlatlar bilan ularning fuqarolarini Afgʻonistondan evakuatsiya qilish masalasi boʻyicha yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Hozirgi vaqtda Germaniya, Rossiya, Shveysariya, Avstriya, Daniya, Polsha, Slovakiya, Qozogʻiston kabi davlatlar bilan aeroport infratuzilmasidan foydalanish xizmatlarini taqdim etish, havo makoni orqali uchishga ruxsat berish, aeroportga uchib kelish, qoʻnish, zarur texnik va logistika yordamini koʻrsatish boʻyicha birgalikda saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Xorijlik hamkorlar bilan birgalikda dastlabki tarzda kelishilgan mamlakatlarga joʻnatilayotgan ham chet el fuqarolari, ham Afgʻoniston fuqarolarini Afgʻonistondan evakuatsiya qilish va Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitini amalga oshirish boʻyicha tartibli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
Oxirgi bir necha kun ichida Oʻzbekiston hududi orqali 1982 nafar chet el fuqarosini evakuatsiya qilish taʼminlandi.
Evakuatsiya qilinayotgan fuqarolarga Oʻzbekiston hududida qisqa muddatli boʻlib turish paytida karantin choralariga qatʼiy rioya etgan holda barcha zarur yordam koʻrsatilmoqda, shundan soʻng kechiktirilmasdan rejalashtirilgan manzil-mamlakatiga joʻnatilmoqda.
Bundan tashqari, “Tolibon” harakati vakillari bilan shu keskin kunlarda Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan Afgʻoniston fuqarolarining xavfsizlik kafolatlarini olish boʻyicha koʻp ishlar qilindi.
“Tolibon” rahbariyati vakillari bilan ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zoʻravonlik, tazyiq va taʼqiblarning oldini olish boʻyicha kelishuvlar natijasida 150 nafar Afgʻoniston fuqarosi oʻz xohishi bilan vataniga qaytarildi.
Afgʻonistonga qaytgan fuqarolardan olingan maʼlumotlarga koʻra, ularga nisbatan rasmiy protsessual choralar koʻrilgandan soʻng, ularning hammasi uylariga qoʻyib yuborilgan va hozirda ular oʻz oilalari bagʻrida toʻliq xavfsiz holda boʻlib turibdi.