O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabari

Bugun internet tarmog‘idagi ayrim axborot agentliklari va veb-saytlari orqali “O‘zbekiston Afg‘onistondagi Tolibon rejimidan qochganlarga o‘z chegaralarini ochishga tayyorligi” haqidagi ma’lumotlar tarqaldi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.

Hozirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va “Termiz” nazorat-o‘tkazish punktidan quruqlik orqali o‘tish amalga oshirilmayapti.

Yaqin orada O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz” nazorat-o‘tkazish punktini ochish ko‘zda tutilmagan.

Chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlar, ularning sabablaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bartaraf etiladi.

O‘zbekiston tomoni qator davlatlarga oxirgi 12 kun ichida Afg‘onistondan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatib, ularning mamlakatimizga kelishi va O‘zbekistonni tark etishi faqat havo yo‘li orqali amalga oshirildi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida afg‘on qochoqlarini qabul qilmasligini, tranzitda yordam ko‘rsatishini, ularning mamlakatda qat’iy cheklangan vaqtda bo‘lib turishini yana bir bor ma’lum qiladi

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda qo‘shni mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligini yana bir bor ta’kidlaydi.