Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
Oʻzbekiston yana bir bor Afgʻonistonda keskinlik kuchayib borayotganidan xavotirda ekanligini bildiradi.
Kurashayotgan tomonlarni tinch aholi orasida qurbonlar boʻlishining oldini olishga va kuch ishlatishdan tiyilishga chaqiramiz.
Joriy yilning 27-iyun kuni 44 kishidan iborat Afgʻoniston chegara qoʻshinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Shoʻrtepa tumani hududida Oʻzbekistonning davlat chegarasini buzgan. Bir kun avval, yaʼni 26-iyun kuni chegaraning ushbu qismida qoʻshni mamlakat kuch ishlatar tizimlari 3 nafar vakilining Oʻzbekiston hududiga kirib kelish holati qayd etilgan. Barcha Afgʻoniston fuqarolari oʻz vataniga qaytarilgan.
Oʻzbekiston hududiga bu kabi noqonuniy oʻtishga urinishlar qatʼiy ravishda bartaraf etiladi.
Oʻzbekiston Hukumati Afgʻoniston bilan anʼanaviy doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini davom ettirish, neytralitetni saqlash hamda qoʻshni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qatʼiy maʼlum qiladi.