O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasida vaziyatning keskinlashishi va buning ikki tomondan ham jabrlanishlarga sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlar O‘zbekiston Respublikasida jiddiy xavotir uyg’otdi.
Tomonlarni to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha birgalikdagi choralarni ko‘rish va keskinlikning yanada ortishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz.
Bugungi kunda barcha masalalar va mavjud muammolar Markaziy Osiyoning birodar xalqlariga xos bo‘lgan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda sheriklik munosabatlari ruhida muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinishi zarur.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi yuzaga kelgan vaziyatni imkon qadar tez muddatda hal qilish uchun har tomonlama yordam ko’rsatishga tayyor.