O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Kamilovning Antaliya diplomatiya forumidagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Kamilovning Antaliya diplomatiya forumidagi nutqi 

(2021 y. 19 iyun, Antaliya sh.)

Muhtaram davlat va hukumat rahbarlari,

Hurmatli vazirlar,

Qadrli do‘stlar! 

Avvalambor, qardosh Turkiya xalqi va rahbariyatiga an’anaviy iliq mehmondo‘stlik hamda bugungi tadbirning yuqori darajada tashkil etilganligi uchun chuqur minnatdorlik izhor etmoqchiman. 

Hurmatli tadbir ishtirokchilari,

Bugungi Forum barchamiz uchun kun tartibidagi dolzarb masalalarga birgalikda baho berish, mintaqa va xalqaro hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlarini belgilab olish, dolzarb mavzular yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. 

Antaliya diplomatik forumi hammamiz uchun jiddiy sinov bo‘lgan pandemiya vaqtida tashkil etilayotgani ham alohida ahamiyatga ega. 

Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro masalalarni tinch va siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal etish va diplomatiya tushunchasi mutlaqo yangi ma’no-mazmun kasb eta boshladi.

Axborot almashinuvi, ilg‘or kommunikatsion texnologiyalar sohasida vujudga kelgan yangi imkoniyatlar davlatlarga diplomatiya sohasidagi o‘z faoliyatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni va zamon bilan moslashishni taqozo qilmoqda. Chunki, diplomatiya sohasi va ishtirokchilari tobora kengayib bormoqda, muloqotning yangi shakl va formatlari – raqamli diplomatiya keng qo‘llanilmoqda. Xalq diplomatiyasi va “yumshoq kuch” deya ta’riflanayotgan dolzarb hodisa va tushunchalar kundalik hayotga chuqur singib bormoqda. 

Bugungi davrning eng asosiy xususiyati bu – innovatsiya. Har bir soha shiddat bilan yangilanmoqda. Shu jihatdan, diplomatiya uchun ham yangiliklarni qo‘llash, innovatsiya bilan hamnafas bo‘lish zamon talabidir.

Bugungi kunda xalqaro munosabatlar yo‘nalishida ta’lim olayotgan yoshlar, ertangi kun diplomatlarining o‘zgarish va yangiliklarni amaliy jihatdan idrok qilishlari zarurligiga ishonamiz. 

Ertaga yetishib chiqadigan yosh diplomatlar nafaqat tarix, xalqaro munosabatlar, iqtisod va ijtimoiy sohalarni mukammal bilishlari, balki “internet diplomatiyasi”, “innovatsion diplomatiya”, “xalq diplomatiyasi” kabi yangi tushuncha va ta’riflarni ham teran anglashlari, hatto ushbu yo‘nalishlarda yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga tayyor bo‘lishlari kerak degan fikrdamiz. Bu borada bugun Turkiya tomoni tashabbusi bilan o‘kazilayotgan Antaliya diplomatiya forumining dolzarbligi va katta hissasi shubhasizdir.

Hurmatli Forum ishtirokchilari,

Zamonaviy xalqaro munosabatlar haqida so‘z yuritilganda XXI asrdan boshlab Osiyoning yangidan yuksala boshlaganini ta’kidlab o‘tish zarur. O‘z salohiyati bilan turli imkoniyatlarni taqdim etib kelayotgan Osiyo har qachongidan ko‘ra ko‘proq kun tartibiga chiqmoqda. 

Binobarin, Turkiya tomonidan ilgari surilayotgan “Yangidan Osiyo tashabbusi” (“Yeniden Asya Girişimi”) o‘zaro manfaatlar va umumiy maqsadlar yo‘lida mazkur qit’adagi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga yangi turtki bermoqda. Bu jarayonda Osiyoning bevosita qalbi deb atashimiz mumkin bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar ham katta ahamiyat kasb etadi. 

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar, mamlakatning tashqi siyosatida, xususan, qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish, do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. 

Natijada, so‘ngi yillar davomida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi, davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Mintaqadagi ikki va ko‘p tomonlama keng qamrovli hamkorlik darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan oqilona foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan unumli foydalanish, davlat chegaralarini kesib o‘tish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi.

O‘zbekistonning butun Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi yillik o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sib kelmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning yaxshilanishi mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yordam berdi. 

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollarini qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va uni rivojlantirish bilan uzviy bog‘liq, deb biladi. O‘zaro hamkorlikni kengaytirish, xususan, mintaqaviy infratuzilma, savdo, investitsiya, tranzit va transport loyihalarini amalga oshirish vositasida Afg‘onistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan integratsiyasini ta’minlash va mustahkamlash nihoyatda muhimdir.

O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yil ichida Afg‘oniston bilan savdo hamkorligini keng ko‘lamda kengaytirish bilan birgalikda, bir qator yirik transport-kommunikatsiya loyihalari, jumladan, Mozori-Sharif-Hirot, Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘llarini qurish masalalarini ko‘rib chiqmoqda. 

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, sizlarning e'tiboringizni 2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga qaratmoqchiman. Ushbu anjumandan maqsad - Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha strategik qarashlarini namoyish etish, ikkala mintaqa mamlakatlarining transport-tranzit salohiyatini amalga oshirish, istiqbolli bozorlarga chiqish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish bo‘yicha aniq takliflarni muhokama qilish.

Xonimlar va janoblar,

O‘zbekiston Antaliya diplomatiya forumi kabi yirik tadbirlar doirasida xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishdan manfaatdor. Biz ushbu forumning tashkillashtirilishida muhim rol o‘ynagan hamda o‘z tashabbuslari bilan katta hissa qo‘shgan Turkiya Respublikasi Prezidenti, hurmatli Rejeb Tayyip Erdog‘an va Tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘lu Janobi Oliylariga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. 

Fursatdan foydalanib, Forumda ishtirok etayotgan barcha xorijiy mamlakatlarning vakillariga hurmat va ehtiromimizni izhor etamiz va barchalaringizga samarali hamkorlik tilaymiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.