O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga bergan intervyusi

Savol: Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, joriy yil 5-oktabr kuni Toshkentda mamlakatimizda so‘nggi yillarda ro‘yobga chiqarilgan tub o‘zgarishlarga bag‘ishlangan “O‘zbekiston: besh yil davomida amalga oshirilgan jadal islohotlar” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zbekiston rahbariyatining o‘zaro manfaatli, vazmin tashqi siyosatni amalga oshirishdagi yangicha yondashuvining natijalari ham muhokama qilindi. Darhaqiqat, yurtimizda oxirgi yillarda ulkan yangilanishlar ro‘y berdi. Ular bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan qanday baholanmoqda? O‘zbekiston tashqi siyosatidagi tub o‘zgarishlarning asosiy omillari nimalardan iborat? 

Javob: Mazmunli savolingiz uchun tashakkur. Birinchi navbatda shuni ta’kidlashni istardimki, Siz aytib o‘tgan anjuman yuqori saviyada tashkil etilib, juda dolzarb va samarali bo‘ldi. Unda xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, chet ellik taniqli olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. O‘ylaymanki, tadbir tashkilotchilar sa’y-harakati, shuningdek, ishtirokchilarning o‘zaro munozaralaridagi yaqin munosabatlar va ochiq muloqoti natijasida juda muvaffaqiyatli o‘tdi.

Anjuman davomidagi yalpi majlislardan biri xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, shuningdek, vazmin, konstruktiv tashqi siyosat yuritish vazifalarini amalga oshirishga bag‘ishlandi. Bir-biriga bog‘liq mazkur yo‘nalishlarning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar dasturi — 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi beshinchi ustuvor yo‘nalishida qamrab olingan.

Aytish joizki, konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shishga qaratilgan islohotlar jarayoni qanday ketayotgani yuzasidan jonli va ochiq munozaralar o‘tkazdi.

O‘zbekistonda boshlangan tub islohotlar mamlakatning yangi, zamonaviy rivojlanish va modernizatsiya yo‘liga o‘tishida, davlatning ichki hamda tashqi siyosati samaradorligini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu fikr xorijiy ekspertlar va diplomatlar qarashlarida ham o‘z aksini topdi. 

Muhokamalar chog‘ida chet ellik hamkasblarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati tufayli mamlakatimizning xalqaro munosabatlarda tutgan o‘rni va ahamiyati sezilarli darajada mustahkamlanganini qayd etdi. Asosiy natijalardan biri, bu — O‘zbekiston imijining tubdan o‘zgargani. Buni O‘zbekistonning jahonda demokratik jamiyat, kuchli, raqobatbardosh iqtisodiyot, innovatsion institutlar va infratuzilmaga ega mamlakat sifatida qabul qilinayotganida ko‘rishimiz mumkin.

Shu yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini, ularning asosini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish tashkil etishini qat’iy ta’kidladi.

O‘z navbatida, ushbu bayonot, xorijlik kuzatuvchilarning baho berishicha, dunyo hamjamiyati, avvalo, O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi sheriklari va xalqaro investorlar uchun kuchli ijobiy chaqiriqdir.

Shunday qilib, O‘zbekistonning xalqaro maydonda imiji tubdan o‘zgarishiga nima ta’sir ko‘rsatdi?

Birinchidan, so‘z va ommaviy axborot vositalari, din va e’tiqod erkinligi, gender tengligi va millatlararo totuvlikni ta’minlashni qamrab olgan chuqur tizimli islohotlar o‘tkazish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan Prezidentning siyosiy irodasi va qat’iyati.

Xabaringiz bor, 2020-yil oktabr oyida O‘zbekiston tarixda ilk bor butun dunyoda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish uchun mas’ul 47 davlatni o‘z ichiga olgan BMTning Inson huquqlari kengashiga a’zo bo‘lib saylandi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan tashqi siyosat dasturining pragmatik va strategik jihatdan puxta o‘ylanganligidir. Ayni shu jihatlar ishonchli va faol tashqi siyosat olib boradigan hamda barqaror sherik sifatida mamlakatimizning obro‘sini mustahkamlashga xizmat qildi.

Bu tashqi siyosiy yo‘nalishning asosiy natijasi Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatning tubdan yaxshilanishi, mintaqada chinakam qo‘shnichilik ruhi shakllanishi, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarning muhim mintaqaviy masalalarni hal qilish bo‘yicha birgalikdagi ishlarining boshlanishi bo‘ldi.

Bundan tashqari, mamlakatimizning yetakchi davlatlar — Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yevropa mamlakatlari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, shuningdek, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyodagi boshqa ko‘plab davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalari kengaydi.

Uchinchidan, ko‘p tomonlama diplomatiya sezilarli darajada faollashdi. Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro anjumanlar jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi. Bu o‘rinda gap, avvalo, xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish, Afg‘oniston muammosini hal qilish, Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga bag‘ishlangan tarixiy ahamiyatga ega forumlar haqida ketmoqda. Global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Bu yirik forumlarning barchasi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika, texnologik, madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy va xalqaro aloqalarning yangi, samarali modelini ishlab chiqish uchun siyosiy platformani shakllantirdi.

Bunday nufuzli tadbirlarning davomi sifatida Toshkentda yana bir muhim xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. U xalqaro hamjamiyat oldida turgan dolzarb masala — jahon iqtisodiyotining tiklanish muammolari va koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganishga bag‘ishlanadi.

To‘rtinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqa va dunyo davlatlarining umumiy muammolarni hal qilishdagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan hayotiy va dolzarb tashabbuslari O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlardagi faolligi keskin o‘sishiga hamda tutgan o‘rni mustahkamlanishiga olib keldi.

Shuni alohida qayd etmoqchimanki, O‘zbekiston tashabbusi va taklifi bilan BMTning Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik, Barqaror turizm va barqaror rivojlanish, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish bo‘yicha qator muhim rezolyutsiyalari qabul qilindi.

2020-yilda mamlakatimiz birinchi marta MDHga raislik qildi va Hamdo‘stlik sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazib, uning doirasida o‘nlab tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatimiz hayotiga doir eng muhim voqeliklar qatorida O‘zbekistonning Turkiy Kengashga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarning oldinga siljishi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi olishini alohida ta’kidlash lozim. Shu bilan bir qatorda, mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar jarayonini yakunlamoqda va “GSP+” tizimida benefitsiar davlat maqomini oldi.

Beshinchidan, iqtisodiy diplomatiya tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish sezilarli darajada jadallashdi. 

Umuman olganda, yuqorida ko‘rsatilgan omillarning barchasi O‘zbekistonning har tomonlama hamkorlikka ochiq mamlakat sifatida yangi qiyofasi shakllanishiga xizmat qildi. “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi xalqaro maydonda mustahkam joy oldi.

Savol: Janob Vazir, ta’kidlaganingizdek, o‘tgan yillarda nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqada birlashtiruvchi kun tartibini taqdim etdi, bu mamlakatimizning barcha qo‘shnilar bilan davlatlararo aloqalarini sezilarli darajada yaxshilash va mustahkamlashga imkon berdi. Shu bilan birga, hali kun tartibida turgan va hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalar haqida fikringizni bilmoqchimiz?

Javob: Albatta, Shavkat Mirziyoyev prezidentligining dastlabki kunlaridanoq Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatni tubdan yaxshilashga ustuvor e’tibor bera boshladi. Birinchi navbatda, o‘tmishda qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun to‘siqlar yaratgan mintaqaviy masalalarni konstruktiv hal qilishni boshlashdek mas’uliyatli va muhim vazifa belgilab berildi. Qo‘shni davlatlar bilan oliy darajadagi ishonchli munosabatlar va ochiq muloqot o‘rnatilib, ikki tomonlama va umummintaqaviy masalalarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va oqilona murosalar asosida hal qilish uchun zarur kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonning barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi. Mazkur ibora mintaqamizda yaratilgan hamkorlik va o‘zaro anglashuvga ijobiy siyosiy muhitni o‘zida yaqqol aks ettiradi.

Mintaqamiz davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish tashabbusi amalga oshirildi. Bunday sammitlarning uchtasi Nur-Sulton, Toshkent va Avazada bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo iqtisodiy forumlari o‘tkazib kelinmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamkorlik jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

Mintaqaviy hamkorlikning qolgan asosiy masalalari haqida fikr yuritganda, chegara masalalarini hal qilishda davom etish, suv-energetika resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, qator ekologik masalalar bo‘yicha ishlarni davom ettirishni ko‘rsatish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mazkur yo‘nalishlar O‘zbekiston Prezidentining quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan mintaqaviy strategiyasidan kelib chiqadi:

birinchidan, ikki tomonlama muloqotlar mobaynida hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv sammitlari doirasida oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish; 

ikkinchidan, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik modelini takomillashtirish, savdo va investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, tranzit, energetika va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik samaradorligini oshirish;

uchinchidan, mintaqamiz oldida turgan zamonaviy muammolar va tahdidlarga birgalikda qarshi turish, shu jumladan, pandemiya va uning oqibatlarini bartaraf etish, ekologik muammolarni hal qilish, ekstremizm va terrorizm keltirib chiqaradigan transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi millatlararo totuvlik, do‘stona va qardoshlik aloqalarini mustahkamlash.

Savol: AQSh va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi ushbu mamlakatda yangi vaziyatni yuzaga keltirdi. Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, xorijda O‘zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)da ishtiroki qayta tiklanishi mumkinligiga doir turli sharh va fikrlar paydo bo‘ldi. Siz bu haqda nima deyishingiz mumkin? 

Javob: Savolingizga javob berishdan avval axborot makonida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli sharhlarning oldini olish maqsadida, bu javobdagi fikr-mulohazalarim doirasini aniq belgilab qo‘ymoqchiman. Men tashqi tajovuz va mamlakat xavfsizligiga tahdidlarga qarshi turish, davlat chegaralarini himoya qilishda qurolli kuchlardan foydalanishdagi umumiy masalalarga o‘tmagan holda, Siz bergan aniq savol doirasidagi o‘z fikrlarimni bildirishga harakat qilaman. Umuman olganda, tashqi tajovuz holatida qurolli kuchlardan foydalanish huquqi inkor etib bo‘lmaydigan hodisa va aksariyat mamlakatlarning xavfsizlik sohasidagi milliy konsepsiyalari, shuningdek, harbiy-siyosiy blok shaklidagi turli birlashmalar doktrinalarining ajralmas qismi hisoblanadi.

O‘zbekiston esa hamisha barcha masalalarning, ayniqsa, uzoq o‘n yilliklar mobaynida barcha qo‘shni mamlakatlarda tashvish uyg‘otib kelgan Afg‘onistondagi nizoning tinch yo‘l bilan hal etilishini yoqlagan va yoqlaydi. Biz afg‘on muammosini hal etishning harbiy yo‘li yo‘qligini doimo ta’kidlab kelganmiz. Bugungi kunda jahon hamjamiyatida bu nuqtai nazarga ko‘pchilik xayrixohlik qilmoqda. Afg‘onistondan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari olib chiqilgani ham bizning yondashuvimiz to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi.

Biz O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi, jumladan, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasiga muvofiq, mamlakatimiz harbiy bloklarda ishtirok etmasligi to‘g‘risida bir necha bor bayonot berganmiz. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimiz o‘z milliy xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli salohiyatga egaekani ham amaliy jihatdan o‘ta muhimdir. O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasidagi islohotlar muvaffaqiyatli bormoqda, milliy armiyaning harbiy-texnikaviy bazasi mustahkamlanmoqda.

Albatta, zamonaviy dunyo o‘ta jadal sur’atda rivojlanmoqda. Global dunyo qurilishining arxitekturasi doimiy o‘zgarish jarayonini boshdan kechiryapti. Shubhasiz, bu muayyan tahdid va xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqdaki, ularga turli yo‘llar bilan, jumladan, harbiy ittifoqlar va tashkilotlar vositasida qarshi turish mumkin. 

Biroq xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga to‘qnash kelganda faqat harbiy kuch yo‘lini tanlash hamisha ham kutilgan natijani bermaydi. Axir samaradorligi kam bo‘lmagan va hatto ko‘pgina holatlarda xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi turishda lozim darajada ta’sirchan boshqa vositalar ham bor-ku. Ana shunday vositalardan biri, bu — diplomatiya.

Preventiv diplomatiya usullari o‘tgan davrda o‘zining foydali ekanini ko‘p bor tasdiqlagan, hozirgi paytda ham amaliy kuchini, jumladan, Afg‘onistondagi yangi vaziyatga yondashuvlarda tasdiqlamoqda. Bu yerda gap faqat ikki tomonlama diplomatiya haqida borayotgani yo‘q. Xalqaro miqyosda ko‘p tomonlama darajada milliy va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan har qanday ko‘rinishdagi tahdid va xavf-xatarlardan ogoh bo‘lishga qaratilgan siyosiy-diplomatik mexanizmlarning butun boshli tizimi yaratilgan va u doimiy ravishda rivojlanmoqda. 

Masalan, Markaziy Osiyoda mintaqa mamlakatlari yirik sheriklar bilan muloqotining “5+1” shaklida muvozanatlashgan mexanizmlar tizimi mavjud. Bunday platformalar Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi, XXR, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yaponiya bilan munosabatlarda amal qilmoqda. Shu bilan birgalikda, mintaqada KXShTdan tashqari, MDH va ShHT singari tashkilotlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning doirasida dolzarb masalalar, xususan, mintaqaviy xavfsizlik ta’minlanishiga, shuningdek, Afg‘oniston muammosiga doir masalalar muhokama etilmoqda. 

Yaqinda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan va Afg‘onistondagi vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan KXShT sammiti hamda ShHT+KXShT formatidagi uchrashuvda O‘zbekiston faxriy mehmon, shuningdek, ShHT a’zosi sifatida ishtirok etgani ham vazmin va amaliy diplomatiyamizning tarkibiy jihati hisoblanadi.

Faol va ochiq siyosat natijasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari va jahondagi yirik davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi. Ular bilan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi hamkorlik faol rivojlanib, harbiy-texnikaviy aloqalar muvaffaqiyatli ilgarilamoqda. Mintaqadagi hamkorlikning barcha qirralari yuzasidan sherik davlatlar bilan o‘rnatilgan muntazam muloqot mintaqaviy barqarorlik mustahkamlanishiga ko‘maklashmoqda, xavfsizlikka jiddiy tahdidlarning oldini olish uchun sharoit yaratmoqda.

Bularning barchasi xavf-xatarlarning oldini olish va ularga izchillik bilan qarshi turish bo‘yicha masalalarni samarali muhokama qilish va o‘z vaqtida hal etish imkonini beradi. 

Savol: Kobulda hukumat almashgani munosabati bilan ayrim sharhlovchilar Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy munosabatlarga jalb etish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqligini “maqbulroq vaqtlar kelgunga qadar” ortga surishga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa chiqarishga shoshilmoqda. Sizning fikringizcha, bunday taxminlarga qo‘shilish mumkinmi?

Javob: Bunday xulosalar, hoynahoy, sharhlar mualliflarida ­Afg‘onistonda kechayotgan jarayonlar hamda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mohiyati haqida yetarli darajadagi anglashning mavjud emasligi bilan izohlanadi.

Biz, albatta, Afg‘onistonda oddiy bo‘lmagan vaziyat yuzaga kelayotgani to‘g‘risidagi fikrlarga qo‘shilamiz. Bu e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yangi voqelikdir va undan yuz o‘girib bo‘lmaydi. 

Ko‘rinib turibdiki, hali-hamon Afg‘oniston hududidagi vaziyat mintaqadagi keskinlikning omili bo‘lib kelmoqda. Ushbu mamlakat hududining turli qismlarida ayrim terrorchilik guruhlari faoliyat ko‘rsatishda davom etayotgani ham bu fikrni ­tasdiqlaydi.

Shunday bo‘lsa-da, biz Afg‘onistonning nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos bo‘ladigan yangi imkoniyatlar manbasi ekanini nazarda tutishimiz lozim. Biz Afg‘oniston xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi va janubiy chegaramizda “yakkalab qo‘yilgan” davlat paydo bo‘lishiga, o‘tgan asrning 90-yillari oxiridagi ahvol takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi, deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston bu masalaga nafaqat Afg‘onistonning yakkalanib qolishini bartaraf etish, shuningdek, unga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini faollashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda ham yondashmoqda. Biz bu mamlakat bilan chegarani ochdik va birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlar — oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, rasmiy Toshkent Afg‘onistonning xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan davlat aktivlarini qayta ochishni yoqlaydi hamda jahon hamjamiyatini Afg‘onistonda ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni davom ettirishga da’vat etmoqda.

Aynan ana shu vazifalarni hal etish maqsadida 7 oktabr kuni O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi Kobulda bo‘lib, Afg‘oniston rahbariyati va Muvaqqat hukumat a’zolari bilan konstruktiv muloqot o‘tkazdi.

Afg‘onistonga ijtimoiy-iqtisodiy ko‘maklashishni davom ettirish va rivojlanish loyihalarini amalga oshirish gumanitar inqirozning oldini olish, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatning nizodan keyingi qayta tiklanishi uchun o‘ta muhim ekaniga ishonchimiz komil. Bunday vazifalarni hal qilmay turib, ushbu mamlakatda va qo‘shni mintaqalarda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash amalda mumkin emas.

O‘zbekistonda afg‘on yo‘nalishida qandaydir pinhona yoki mavhum ma’noli kun tartibi yo‘q. Bizning nuqtai nazarimiz aniq-ravshan, harakatlarimiz shaffof va amaliy mazmunga ega. O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afg‘on zamini mintaqa mamlakatlari va xalqaro xavfsizlik uchun bundan buyon tahdid solmasligi kerak. Barqaror, tinch va farovon Afg‘oniston ko‘pmillatli afg‘on xalqining hamda xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga javob beradi.

Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanishi uchun to‘siq emas, balki ko‘prik bo‘lmog‘i lozim. Bunga xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bundan keyin ham ilgari surishni niyat qilayotgan transafg‘on transport-kommunikatsiya loyihalari ko‘maklashadi.

Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha ­O‘zbekiston tashabbuslari amalga oshirilishi xavfsizlik ta’minlanishining o‘ta muhim muammolarini hal qilish va ikki mintaqa mamlakatlarining uzoq muddatli hamkorligi mexanizmlari qaror topishi uchun zarurdir. Shu ma’noda, Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezol­yutsiyasi qabul qilinishi bo‘yicha sheriklar bilan birgalikdagi ishlar davom etmoqda. Savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish masalalari hal etilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha taqdim etilgan dastur uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan. Afg‘onistonda ro‘y berayotgan hukumat almashinuvi ushbu mamlakat, mintaqa va jalb etilgan boshqa tomonlar oldiga saqlanib turgan muammolarni barqarorlashtirish va siyosiy hal etish nuqtai nazaridan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘ymoqda. 

Savol: Joriy yil 17-sentabr kuni Tojikistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ushbu nufuzli tashkilotga raislikni qabul qilib oldi. Bunday missiya O‘zbekistonga alohida mas’uliyat yuklaydi va ayni paytda belgilangan maqsadlarga erishish imkonini beradi. 2022 yilda ShHTning navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ko‘rar ekan, rasmiy Toshkent o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ymoqda?

Javob: O‘tgan davr mobaynida ShHT jahon siyosatining muhim sub’ekti bo‘lib qoldi, qator nufuzli xalqaro tuzilmalar sirasida o‘zining munosib o‘rnini egalladi. “Shanxay ruhi” tamoyillari asosidagi mintaqaviy sheriklik mustahkamlanmoqda. Yangi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi turishda tashkilotga a’zo davlatlarning birgalikdagi salohiyati ortmoqda, ularning iqtisodiy va madaniy hamkorligi kengaymoqda. 

Hozirgi paytda biz ShHTda faxrli va o‘ta mas’uliyatli missiyaga kirishganmiz. Gap mas’uliyat hududi Arktikadan to Hind okeanigacha bo‘lgan Yevroosiyo hududining salkam 60 foizini, Xitoyning Lyanyunganidan to Rossiyaning Kaliningradigacha bo‘lgan, umumiy aholisi jahon nufusining salkam 44 foizini tashkil qiladigan keng makonni qamrab olgan tashkilotdagi raislik haqida bormoqda. 

Shu bilan birga, bunday vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun O‘zbekiston kerakli siyosiy nufuz va katta tajribaga ega.

2022-yil Shanxay hamkorlik tashkilotida O‘zbekiston raisligida xalqaro ahamiyatga molik 80 dan ziyod tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bunday keng qamrovli vazifalarni amalga oshirish uchun biz maxsus “Yo‘l xaritasi” va o‘z raisligimiz konsepsiyasini ishlab chiqdik. Unda mamlakatimizning 2004, 2010 va 2016 yillardagi raislik tajribasini hamda hozirgi realliklarni hisobga oldik. Shubha yo‘qki, ­O‘zbekistonning ShHTdagi raisligi doirasidagi barcha tadbirlar eng yuqori darajada o‘tkaziladi. 

Bitta intervyuda mamlakatimiz raisligi kun tartibining barcha jihatlarini ochib berishning imkoniyati yo‘q. Lekin juda muhim bir tomonini aytaman. O‘zbekiston o‘zining xalqaro tuzilmalar, jumladan, ShHT faoliyatidagi ishtiroki doirasida sherik davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik natijadorligi rivojlanishini va shu bilan bir vaqtda muhim ichki o‘zgarishlar amalga oshirilishini ko‘zda tutadigan amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Barqaror iqtisodiy rivojlanish, xorijiy sarmoyalar oqimini va milliy tovarlar hamda xizmatlar eksporti hajmlarini oshirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar huquqlari himoyasining huquqiy zamini va mexanizmlarini takomillashtirish ana shular sirasiga kiradi. 

Bir so‘z bilan aytganda, ShHTning O‘zbekistondagi navbatdagi sammiti — davlat va xalq manfaatlarini ilgari surish, tashkilotimizning roli va ahamiyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha maqsadlarga erishish, uning salohiyatini yangicha va to‘laqonli hayotga tatbiq etish uchun yaxshi imkoniyatdir. 

Savol: Janob Vazir, ruxsatingiz bilan global kun tartibidagi yana bir munozarali masalaga to‘xtalib o‘tsak. Qator siyosatshunoslarning sharhlarida bugungi kunda Markaziy Osiyoda mazkur mintaqadan tashqarida joylashgan davlatlarning o‘zaro geosiyosiy raqobati yuz berayotgani va hatto kuchayib borayotgani haqida fikrlar bildirilmoqda. Siz bunday qarashlarga qo‘shilasizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu kabi raqobat O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlarning manfaatlari va siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Javob: Hozirgi dunyoga realistik nuqtai nazardan qaraganda, taassuf bo‘lsinki, yirik davlatlarning raqobati global miqyosda davom etayotganini va uning ba’zan ochiq-oydin va hatto qat’iy tus olayotganini qayd etishga to‘g‘ri keladi. Albatta, ayrim global jarayonlarning yirik ishtirokchilari o‘rtasida zimdan va ba’zan murosasiz tarzda olib borilayotgan qarama-qarshilik oqibatlari jahonning turli mintaqalarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda.

Qolaversa, mintaqamiz qator ma’lum omillar tufayli tarixan yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari va yashirin da’volari o‘zaro to‘qnashadigan jozibador joy bo‘lib qolmoqda.

Shuning uchun ham, agar Markaziy Osiyo davlatlari o‘z suvereniteti va davlat mustaqilligini yanada mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, mintaqada ijobiy siyosiy vaziyatni yaratish uchun zarur choralarni ko‘rmasa, yirik kuchlarning o‘zaro raqobati mintaqamizda keskinlik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan yirik davlatlarning manfaatlari turlicha bo‘lib, ular ba’zan umumiy nuqtalarga ega bo‘lish bilan birgalikda, ayrim hollarda o‘zaro ziddiyatli hamdir. Bu manfaatlar qanchalik xilma-xil bo‘lsa-da, ular mavjud va tarixiy, jo‘g‘rofiy omillar hamda global tendensiyalar bilan chambarchas bog‘liq. Shubhasiz, bunday davlatlar intilishlari to‘qnashuvi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob bermaydi, chunki ular Markaziy Osiyo davlatlari oldiga ba’zan “geosiyosiy tanlov” shartini qo‘yadi va bunda bir tomonga yondashish boshqa tomon bilan munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin. 

Tabiiyki, har qanday suveren davlat xalqaro maydonda tashqi kuchlarning manfaatlariga qarab emas, o‘z ehtiyojlarini hisobga olgan holda emin-erkin harakat qilishni, o‘z irodasini turli tomonlar bosimiga bo‘ysundirmaslikni xohlaydi. Ammo zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi “assimetrik manfaatlar” bilan bog‘liq vaziyatlardan mustasno emas.

Bizning tashqi siyosatimiz ana shunday vaziyatlarning oldini olishga, milliy manfaatlar poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka, O‘zbekiston bilan sheriklikdan manfaatdor bo‘lgan har bir tomon uchun teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabatlarni ta’minlashga qaratilgan. Bu maqsadga erishish vositalari sirasiga yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan muvozanatli strategik sheriklik tizimini shakllantirish, qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, global darajada keskin o‘zgarishlarning keng miqyosdagi ta’sirini yumshatishga yordam beradigan barqaror mintaqaviy xavfsizlik tizimini barpo etish kabi yo‘nalishlar kiradi. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bu borada muhim rol o‘ynaydi.

Biz dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqamiz mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini istamaymiz. Axir tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, afg‘on mojarosining kelib chiqishi dunyo bo‘yicha tarqalgan ikkita siyosiy tizimning “sovuq urush” yillaridagi global qarama-qarshiligi bilan bog‘liq ekanini ko‘rish mumkin. 

Biz u yoki bu pozitsiyani tanlashda faqat ma’lum tashqi kuchlarning foydasinigina ko‘zlashga majbur bo‘lmasligimiz kerak. Bizning siyosatimiz va aniq xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalarimiz, eng avvalo, milliy manfaatlarimiz, ­shuningdek, mintaqaning xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlash zarurati bilan bog‘liq.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning global va mintaqaviy kuchlar o‘rtasidagi raqobat mintaqasi yoki “kim kattaroq dov tiksa, butun yutuqni o‘ziga oladigan” o‘yin (“zero sum game”) maydoniga aylanishidan manfaatdor emas. Aksincha, biz mintaqamiz barcha kuchlarning o‘zaro hamjihatlik va konstruktiv hamkorlik makoni bo‘lishi tarafdorimiz. Har bir ishtirokchi o‘z manfaatini topa oladigan sharoitni ta’minlashga qaratilgan teng huquqli va mushtarak manfaatlar asosida qurilgan muloqot tarafdori sifatida o‘z tashqi siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz. 

Antagonistik raqobatning oqilona muqobili, bu — adolatli va ochiq ­bellashuv.

Savol: Fursatdan foydalanib, bugungi dunyoda keng miqyosda urfga kirgan “ko‘pvektorli tashqi siyosat” atamasi haqida ham fikringizni bilmoqchi edim. Bunday siyosatga nisbatan turli yondashuvlar mavjud bo‘lib, ba’zan tanqidiy baholar ham uchraydi. Misol uchun, ko‘pvektorli tashqi siyosat xalqaro munosabatlarda beqarorlik va hatto ma’lum tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkinligi ta’kidlanadi. Bu masalada Sizning nuqtai nazaringiz qanday?

Javob: Menimcha, ko‘pvektorlilik tushunchasiga qandaydir salbiy ma’no berish oqilona ish emas. O‘zaro bog‘liq bo‘lgan zamonaviy dunyoda samarali ko‘pvektorli siyosat yuritishni istamaydigan mamlakatni topish qiyin bo‘lsa kerak. Hamma intilayotgan “ko‘p qutbli dunyo” tushunchasining o‘zi barcha uchun ko‘pvektorli xalqaro hamkorlik muhim ekanini nazarda tutadi.

O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari xalqaro maydonda suverenitetni va harakat erkinligini ta’minlashga qaratilgan. Bunda muhim yo‘nalishlardan biri sifatida jahon siyosatining barcha asosiy ishtirokchilari bilan ko‘p tarkibli strategik sheriklik tizimini shakllantirish va shu asosda mustaqillikni yo‘qotmasdan, bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish, milliy manfaatlarni ilgari surishga qaratilgan. 

Natijalar ko‘rsatib turibdiki, bu tamoyil amalda o‘zini to‘liq oqladi va hozirgi bosqichda ham dolzarbdir.

Bugungi kunga qadar O‘zbekiston o‘zi uchun dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarning muvozanatli majmuasini shakllantirib, geosiyosiy muvozanatni saqlash, siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlarning xilma-xilligini ta’minlab kelmoqda.

Mamlakatimiz tashqi siyosat sohasida keng doiradagi sheriklarga ega. Hozirgi kunda dunyodagi 135 dan ortiq davlat bilan teng huquqli munosabatlarni, 120 dan ziyod mamlakat bilan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, O‘zbekiston 55 ta elchixona, konsullik idoralari va xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonalari timsolida jahonning turli hududlarini qamrab olgan optimal diplomatik tarmoqqa ega.

Hamkorlarning keng tizimi biz uchun tashqi siyosatdagi aloqalarning tartibsizligini anglatmaydi. Aksincha, har bir davlat va har bir xalqaro tashkilot bilan munosabatlarimizni rivojlantirishda davlatimiz manfaatlariga mos keladigan aniq, chuqur o‘ylangan pragmatik vazifalar mavjud.

O‘zbekiston tinchlikparvar siyosat olib bormoqda va yuqorida aytib o‘tganimdek, harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaydi. Biz suverenitetni hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, kuch ishlatmaslik va o‘zaro manfaatlarni hisobga olishning umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlari va tamoyillari asosida tashqi siyosatdagi sheriklarimiz bilan teng huquqli hamkorlikni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Bunday yondashuv mamlakatimiz ichkarisidagi keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish, xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilishda eng qulay tashqi sharoitlarni ta’minlash uchun ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini faol qo‘llash, shuningdek, O‘zbekistonning yirik jahon bozorlariga chiqishini ishonchli hamda barqaror tarzda kafolatlay oladigan ko‘p tarmoqli transport yo‘laklarini shakllantirish imkonini bermoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, ma’lum omillar tufayli tashqi siyosatda ko‘pvektorli hamkorlik tamoyilini qo‘llashda har bir davlat uchun ham bir xil qulay imkoniyatlar mavjud bo‘lavermaydi.

Fikrimcha, O‘zbekiston tashqi siyosatida pragmatik ko‘pvektorli modelni qo‘llash bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish vaqti keldi, chunki bu boradagi amaliyotimiz o‘ziga xos tajriba va xususiyatlarga ega. Ko‘pvektorli tashqi siyosat borasidagi o‘zbek modelining asosiy xususiyatlaridan biri shuki, uning ustuvor vektori, bu — milliy manfaatdir. 

Yana bir o‘ziga xos xususiyat shundaki, bizning tushunchamizda ko‘pvektorlilik ijobiy va konstruktiv ma’noga ega. Biz turli yirik sheriklarimizga “teng masofadagi uzoqlik” emas, balki “teng masofadagi yaqinlik” tamoyilini qo‘llaymiz. O‘zbekiston xalqaro hamkorlarga nisbatan faol va ayni paytda moslashuvchan siyosat olib bormoqda, ularni tashabbuslarimizni ilgari surish va amalga oshirish jarayoniga jalb qilmoqda.

— Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, bizga vaqt ajratganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Savollarimizga O‘zbekistonning yangi tashqi siyosati batafsil yoritilgan, ­Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman, dunyodagi hozirgi geosiyosiy vaziyatning barcha jihatlari chuqur tahlil qilingan sermazmun javoblar uchun katta rahmat! 

Salim DONIYOROV 

suhbatlashdi