O‘zbekiston Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbusi amalga oshdi

2021-yilning 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. 

O‘zbekiston rahbarining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlatlar mazkur rezolyutsiyaga hammuallif sifatida ishtirok etgani bu fikrni yaqqol taqdiqlaydi.

Bosh Assambleya qabul qilgan rezolyutsiya:

— Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qiladi;

— bundan buyon ham Orolbo‘yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini rag‘batlantiradi;

— Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta’kidlaydi;

— barcha manfaatdor tomonlarni qo‘shma fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga turtki berishga chaqiradi.

Hujjatda O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining tashkil etilgani hamda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘psheriklik Trast fondini ta’sis etilganiga yuksak baho berildi va bu tashabbuslarning BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.

Orolbo‘yi Bosh Assambleya tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo‘ldi. BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi yuqori texnologik innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini majmuaviy qo‘llash, cho‘llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag‘batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, hujjat mintaqaviy ustuvorlik, integratsiya va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT tizimidagi ixtisoslashgan agentliklar, jamg‘armalar va dasturlarning amaliy harakatlarini hamda loyihalarini umumlashtirish va ular o‘rtasidagi muvofiqlashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.