O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar Tashqi ishlar vazirligida muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari 2020-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida tashkil etilgan tadbirda muhokama qilindi.

Anjumanda vazirlik va uning tarkibiga kiruvchi bo‘linmalar rahbariyati va xodimlari, videokonferensaloqa orqali xorijiy davlatlardagi o‘zbek diplomatlari, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ochdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori Ismoil Saifnazarov Prezidentimiz Murojaatnomasida joriy yil ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish bo‘yicha belgilangan asosiy yo‘nalish va vazifalar haqida so‘zlab berdi.

Murojaatnomada jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish va modernizatsiyalashning keng ko‘lamli dasturini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashga imkoniyat yaratadigan samarali tashqi siyosat masalalari markaziy o‘rinlardan birini egallagani taʼkidlandi. Respublikamizning tashqi siyosiy strategiyasini takomillashtirish va ushbu sohadagi faoliyatning yangilangan konsepsiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.

Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining takomillashishi barqaror ichki rivojlanish uchun qulay tashqi muhitni izchil shakllantirishni tezlashtirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz manfaatlarini samarali ilgari surish va jahon bozorida milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini izchil oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Anjuman ishtirokchilari munozaralarda O‘zbekistonning ochiq, tashabbuskor va konstruktiv tashqi siyosatining izchilligini taʼminlash vazirlik faoliyatida birinchi o‘rinda turishini taʼkidladi. Murojaatnomada tashqi siyosatning barcha jabhalari bo‘yicha belgilangan vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarining 2021 yilgi ish rejasiga kiritilgan. Ular respublikaning tegishli vazirlik va idoralari hamda xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijiy vakolatxonalari o‘z faoliyatiga yangicha yondashuvlarni joriy qilayotganiga eʼtibor qaratildi. Buning natijasida turli sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda faol ishtirok etilmoqda, respublikamiz hududlariga bo‘lib, ularning eksport salohiyati xalqaro ko‘lamda keng targ‘ib qilinmoqda, mahalliy boshqaruv organlari vakillari, tadbirkorlar va eksportchilar bilan yaqin hamkorlik faollashmoqda.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari tomonidan milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari va Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor yaratish bo‘yicha qo‘yilgan dolzarb vazifalarni bajarish jarayonida respublikamizning barcha vazirlik va tashkilotlari chet eldagi vatandoshlarimiz va xalqaro sheriklarning faol ishtirokida birgalikda saʼy-harakat qilishi zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.

 

“Dunyo” AA