O‘zbekiston Hukumati va Yevroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi
2021-yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi (YEK) o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga (Qozon shahri) Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etish uchun amalga oshirgan tashrifi doirasida imzolandi.
Hujjat kuzatuvchi davlat sifatida O‘zbekiston va YEK o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Memorandum, shuningdek, bojxona va texnik jihatdan tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi, transport, energetika, sanoat va agrosanoat majmuasi, intellektual mulk va boshqa iqtisodiyot tarmoqlari kabi sohalarda axborot almashinuvini o‘z ichiga oladi.
Memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi hamda O‘zbekiston Respublikasi va YEKga moliyaviy va huquqiy majburiyatlarni yuklamaydi.
Memorandumning ushbu bandlarini samarali amalga oshirish uchun tomonlar maslahatlashuvlar va delegatsiyalar almashinuvini tashkil etishning aniq sanalarini o‘z ichiga olgan 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini qabul qildilar.