O‘zbekiston Elchisi Litva Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2021-yilning 17-avgust kuni O‘zbekistonning Litvadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Riga shahrida) Qadamboy Sultonov Litva Prezidenti Gitanas Nausedaga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Suhbat chog‘ida Litva Prezidenti Toshkent va Vilnyus o‘rtasidagi siyosiy muloqotni va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlanish suratlarini ijobiy baholadi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasida Litva 2020-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning Germaniyadan keyingi ikkinchi yirik savdo sherigiga aylangani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Elchisi so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda erishilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar natijalari, O‘zbekiston-Litva hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari va mintaqaviy rivojlanish masalalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Litva Prezidenti O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar Vilnyusda yuqori baholanishi, islohotlar natijalari esa Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari tomonidan olqishlanishini ma’lum qildi.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklikni sezilarli darajada faollashtirishi qayd etildi.