O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilish to‘g‘risida
2021-yil 30-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonning xorijdagi elchilari, konsullik muassasalari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi mamlakatimizning doimiy vakillari ishtirokida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Hay’ati majlisini o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida vazirlik va diplomatik vakolatxonalarning joriy yildagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi, 2022-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi va aniq topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyatining yangi konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiya masalalariga, jumladan, diplomatik missiyalar rahbarlarining joylardagi vaziyatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston viloyatlariga amalga oshirgan safarlari, savdo-iqtisodiy sohadagi loyihalarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun vazirlik va idoralarida o‘tkazgan uchrashuvlarining natijalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan mamlakatimizning Tojikistondagi Elchisi Ergash Shaismatovga “Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda TIV hay’ati a’zolari, Vazirlik bo‘linmalar va tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ham ishtirok etdilar.