O‘zbekiston delegatsiyasining Kobuldagi muzokaralari to‘g‘risida
2021-yilning 30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kobul shahriga tashrif buyurib, Afg‘oniston Muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borildi. Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Afg‘oniston Muvaqqat hukumat vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu sinovli damlarda afg‘on xalqini faol qo‘llab-quvvatlayotgani, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga ko‘rsatayotgan yordami, yangi hukumat tomonidan afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qaratilgan sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston tomonidan elektr energiyasini uzluksiz yetkazish, O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi ish tartibini davom ettirish, Mozori Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashga ko‘maklashish, insonparvarlik yordamini o‘z vaqtida ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berildi.
Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Bu loyihalar mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga bosqichma-bosqich jalb etishning asosiy omiliga aylangan integratsiya va o‘zaro bog‘liqlikka xizmat qiladi.
Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston tomonini O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga, umuman, butun dunyoga zarracha tahdid ham hech qachon ushbu davlat hududidan kelmasligiga ishontirdi.
Afg‘onistonning yangi hukumati O‘zbekiston bilan birgalikda ikki mamlakat xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Kobul), Abu Rayhon Beruniy (G’azna) va Boborahim Mashrab (Tahor) qo‘nim topgan maskanlarda obodonlashtirish ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. Mamlakat maktablari va oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Afg‘oniston tomoni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida O‘zbekiston bilan birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishini bundan keyin ham davom ettirishga qat’iy ekanini tasdiqladi.