O’zbekiston delegatsiyasining Afg’onistonga amaliy tashrifi to’g’risida

2021-yilning 7-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afg’oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg’oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o’tkazdi.

Uchrashuvda Afg’oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo’yicha o’rinbosari A.Hanafiy, transport va fuqaro aviatsiyasi, umumiy ishlar, energetika va suv resurslari vazirlari ham ishtirok etdi.

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amirxon Muttaki bilan alohida muzokaralar olib borildi.

Tomonlar mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg’oniston xalqiga gumanitar va boshqa turdagi yordam ko’rsatish bo’yicha sa’y-harakatlar, shuningdek, mamlakatda energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Afg’oniston muvaqqat hukumati a’zolari O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg’on xalqining orzu-intilishlariga qaratayotgan ulkan e’tibori, oziq-ovqat inqirozining oldini olishda ko’rsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Afg’oniston tomoni O’zbekiston Prezidentining Afg’oniston yangi hokimiyati bilan konstruktiv va o’zaro maqbul muloqot o’rnatishga qaratilgan siyosatini, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga Afg’onistonning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga nisbatan qo’yilgan cheklovni olib tashlash chorlovini yuqori baholadi.

Afg’oniston delegatsiyasi a’zolari O’zbekiston hukumatiga “Mozori-Sharif” xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash, O’zbekiston – Afg’oniston chegarasining uzluksiz ishlashi, u orqali mamlakatga doimiy ravishda oziq-ovqat va boshqa turdagi birlamchi tovarlar yetkazib berishdagi ko’rsatilayotgan yordam uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. 

Tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini, jumladan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmoqlari va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” yo’nalishi bo’ylab temir yo’l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo’shma muzokaralar o’tkazish to’g’risida kelishib oldilar. 

Afg’oniston tomoni ushbu loyihalarni amalga oshirishga jalb qilingan o’zbekistonlik mutaxassislarning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Birodar O’zbekiston xavfsizligiga Afg’oniston hududidan hech qanday tahdid bo’lmasligi rasmiy Kobul tomonidan qat’iy bildirildi.