O‘zbekiston delegatsiyasi MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi
2021-yil 13-14-oktabr kunlari Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari xalqaro kun tartibi va Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorliking dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
MDHga a’zo Davlatlar rahbarlari kengashi bo‘lajak majlisining tashkiliy va mazmuniy jihatlari, jumladan, sammitda ko‘rib chiqiladigan qator ko‘p tomonlama hujjatlar loyihalari muhokama qilindi va kelishildi.
Uchrashuv yakunida MDHga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Biologik va zaharli qurollarini taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiyani mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonoti qabul qilindi, MDHga a’zo davlatlar tarixchilari va arxivshunoslarining xalqaro uyushmasi (komissiyasi) to‘g‘risidagi Nizom hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida 2022-yilda o‘tkaziladigan ko‘p darajali tashqi ishlar idoralari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar rejasi va boshqa hujjatlar tasdiqlandi.