Nepal Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashuv

2021-yilning 12-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Nepal Federativ Demokratik Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bxarat Raj Podyalni qabul qildi. 

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning kun tartibi muhokama qilindi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi, xususan Nepal bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qo‘shimcha turtki bermoqda.

Nepal tomoni bo‘lajak konferensiya katta ahamiyatga egaligi va uning natijalari ikki mintaqaning yanada yaqinlashishiga hissa qo‘shishini alohida bildirdi.

Muzokaralar davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.