Markaziy Osiyo va AQSh TIV rahbarlarining “C5 + 1” shaklidagi uchrashuvi to‘g‘risida

2021-yil 22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensiya orqali BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va AQSh tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi ishtirok etdi.

Tashqi siyosiy idora rahbarlari iqtisodiyot, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Delegatsiyalar rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat ko‘rib chiqdilar, gumanitar inqirozning oldini olish uchun afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish, ushbu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini ta’minlaydigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar. 

Mintaqadagi mamlakatlar barqarorligi va xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi.