Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar to‘g‘risida
2021-yilning 7-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Preventiv diplomatiya markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlarining virtual formatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash hamda siyosiy jarayonlarni rivojlantirishda afg‘on xalqining yetakchilik roli tamoyilini hurmat qilish bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro terrorizm tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ushbu yo‘nalishda amaliy sa’y-harakatlarni ishlab chiqish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Tomonlar Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish hamda kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonning mintaqaviy integratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlikni qaror topishiga yordam beradi.
Mintaqa davlatlari ko‘magi bilan Afg‘oniston hududida energetika, transport-kommunikatsiya sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning muhim jihatlari qayd etildi.
Shuningdek, shu oyda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining ahamiyati haqida alohida so‘z yuritildi.
Afg‘onistonga keng ko‘lamda ko‘maklashish, jumladan pandemiya davrida insonparvarlik yordamini ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ham atroflicha fikr almashildi.