Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2021-yil 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensiya orqali Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Uchrashuvda Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi qatnashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari iqtisodiyot, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishishga ko‘maklashish yo‘nalishlaridagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini chuqurlashtirish, mintaqada barqarorlikni ta’minlash va uning iqtisodiy taraqqiyotiga erishish O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanishi qayd etildi.

O‘zbekiston TIV rahbari iqlim o‘zgarishi tahdidlarini samarali hal qilish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish masalalariga to‘xtaldi. Vazir tadbir ishtirokchilari diqqatini Orol dengizi falokatining Markaziy Osiyodagi ekotizim va bioxilma-xillikka ko‘rsatayotgan salbiy ta’siriga qaratdi. Shu nuqtayi nazardan Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha BMT shafeligidagi koʻpsheriklik Trast fondi doirasidagi hamkorlikni faollashtirishning muhimligi e’tirof etildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari va ekologik barqaror innovatsiyalarni joriy etish, suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirsh va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash ko’lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

A.Kamilov Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarini joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaga taklif qildi.