Koreya Respublikasi Prezidentining Yangi Janubiy va Shimoliy siyosat bo‘yicha kotibi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2021-yilning 1-avgust kuni Seul shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasi Prezidentining Yangi Janubiy va Shimoliy siyosat bo‘yicha kotibi Yo Han Gu bilan uchrashdi.

Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy sur’atda rivojlanayotganini, deyarli barcha xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha yondashuvlar hamda qarashlar o‘xshashligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Janubiy Koreya tomoni “Yangi shimoliy siyosat” doirasida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida Seulning muhim sherigi ekanligini qayd etdi. Mazkur siyosat Yevroosiyo hududida xavfsizlikni ta’minlash va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.

Yuqori texnologiyalar, yashil va raqamli iqtisodiyot, AKT, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.