Italiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2021-yil 4-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muzokaralarda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ta'lim, turizm va boshqa sohalardagi O'zbekiston-Italiya hamkorligining dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Tomonlar turli darajalarda bo'lib o'tajak tadbirlar jadvali, shu jumladan, Toshkent shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasida "Italiya – Markaziy Osiyo" ikkinchi vazirlar uchrashuvi yuzasidan fikr almashdilar.
Mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xususan, Afg'onistondagi vaziyat ko'rib chiqildi. Italiya tomoni Yevropa mamlakatlari va boshqa davlatlar fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayonini tashkil etishda ko'rsatilgan salmoqli yordam uchun O'zbekistonga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar Afg'oniston yo'nalishidagi aloqalarni, shu jumladan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, shuningdek Afg'onistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berishda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.