“Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi to‘g‘risida

2021-yil 8-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi raisligida “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Italiya va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiyalar Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda javob berish muhimligini ta’kidladilar. Mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish, ekstremizm va terrorizm kabi transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, millatlararo totuvlik, xalqlarning do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘llari tahlil etilgan.

Konferensiya sessiyalari doirasida mintaqaviy iqtisodiy sheriklikni takomillashtirish, savdo-investitsiya, transport va tranzit sohalarida o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Energetika, agrobiznes va sanoat uskunalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Pandemiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashgan holda sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikdagi sa’y-harakatlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Anjuman doirasida “Markaziy Osiyo va Italiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida “davra suhbati” ham tashkil etilib, unda Markaziy Osiyo va Italiyaning yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar mintaqaviy boshqaruvning konseptual modellari, barqaror va inklyuziv rivojlanish, madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib qilish, ilmiy va akademik aloqalarni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.