Islandiya Elchisi bilan uchrashuv
2021-yilning 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Islandiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Aurni Tor Sigurdssonni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlarini qabul qilib, Elchini yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi hamda unga muvaffaqiyatli faoliyat tiladi.
Suhbat davomida O‘zbekiston-Islandiya hamkorligining holati va istiqbollari hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro munosabatlar muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni rivojlantirish, jumladan ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, qayta tiklanadigan energiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo aloqalarni, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy bazasini, ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Anvar Ilyasov olgan sur'at