Insonparvarlik yuklarini yetkazib berish marosimi to‘g‘risida
2021-yilning 23-dekabr kuni Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston Respublikasining insonparvarlik yuklarini birodar Afg‘oniston xalqiga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqatlar, birinchi navbatdagi zaruriy tovarlar, kiyim-kechaklar, to‘qimachilik mahsulotlari, umumiy og‘irligi 4 ming tonnadan ziyod ko‘mir yoqilg‘isidan iborat ushbu insonparvarlik yordami o‘zbek xalqining Afg‘onistonga ko‘rsatgan navbatdagi xayrixohligi bo‘ldi.
Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Abbos Stanikzay mamlakat uchun og‘ir damlarda ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga butun afg‘on xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
Afg‘oniston xalqiga ko‘mak ko‘rsatish chaqiruviga O‘zbekiston rahbari birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgani, uning siyosatini ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning chinakam ifodasi sifatida qaralayotgani alohida ta’kidlandi.
Abbos Stanikzay afg‘on xalqi O‘zbekiston rahbarining birodarlik munosabatini doimo his qilib kelganini, shu bois mamlakatning yangi hokimiyat idoralari yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini, shuningdek, o‘z hududidan qo‘shni davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga hech qanday tahdidlarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
Balx viloyati hokimi Qudratilla Abu Hamza mazkur insonparvarlik yordami o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgani, ayni qish faslida afg‘on xalqi uchun alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki birodar xalq o‘rtasidagi chuqur tarixiy va ma’naviy aloqalarning yana bir dalilidir.
Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston jamoatchiligi vakillari, jumladan, etnik o‘zbeklarning taniqli arboblari yana bir bor o‘zlari uchun eng og‘ir va sinovli damlarda ehtiyoj va intilishlarini hech qachon unutmagan, afg‘on xalqining hamisha haqiqiy do‘sti bo‘lib qolgan O‘zbekiston rahbariga mislsiz yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Ularning fikricha, O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan bu yordam aslida mamlakatda ommaviy ocharchilik, og‘ir gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan o‘zbek palovi pishirilib, barcha yig‘ilganlar, shuningdek, Afg‘oniston jamoatchiligining ko‘plab vakillariga tortiq qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati