“Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi
2021-yilning 19-dekabr kuni Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Uchrashuvda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi siyosat, iqtisodiyot, raqamlashtirish va madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi aloqalarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati, tahdid va xatarlarga birgalikda qarshi kurashish choralari yuzasidan fikr almashildi.
Vazir Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida “Hindiston – Markaziy Osiyo” shaklidagi o‘zaro hamkorlik salohiyatidan yanada to‘liqroq foydalanish, ikki mintaqaning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash, jumladan, barqaror savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya aloqalarini shakllantirish, mahsulotlarni Hindiston va Markaziy Osiyo bozorlariga olib kirish uchun “yashil yo‘lak” tashkil qilish, IT-mutaxassislari uchun platforma yaratish muhimligini ta’kidladi.
Mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida Muloqotda ishtirok etuvchi har bir davlatda navbat bilan yillik tadbirlarni o‘tkazadigan “Hindiston va Markaziy Osiyodagi tahliliy markazlar forumi” tahliliy platformasini tashkil etish taklif etildi.
Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Bu davlatning xalqaro yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik uchun unga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Panel sessiyalar doirasida Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.