Germaniya TIV rahbari bilan uchrashuv haqida
2021-yil 30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Germaniya Federativ Respublikasi Federal tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Germaniya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi ko‘rib chiqildi.
Afg'onistondagi bugungi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Xayko Maas O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistondan Germaniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining evakuatsiyasini tashkillashtirishda ko‘rsatgan yordami uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi. Tomonlar Afg‘oniston yo‘nalishida yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini maʼlum qildilar.
Uchrashuvda ikki mamlakatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorligi yuzasidan ham fikr almashildi.