Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili bilan uchrashuv
2021-yilning 17-iyul kuni Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Lyuttenberg bilan uchrashdi.
Germaniya vakili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya natijalarini yuqori baholadi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bunday yuqori darajadagi xalqaro forumni tashkil etish bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida o‘tkazilgani va uning kun tartibi juda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.
Afg‘oniston Islom Respublikasidagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, ushbu mamlakatda tinchlik jarayoniga o‘zaro yordam berish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Afg‘onistondagi qurolli mojaroning avj olishidan xavotirlarini bildirdi va dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirish yuzasidan gaplashildi.
Muloqot davomida tomonlar Afg‘oniston borasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, xususan, afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi va chegaradagi voqealar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Afg‘oniston xalqiga har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordamni davom ettirishda mintaqadagi mamlakatlarning muhim roli, shuningdek, Afg‘onistonda doimiy hamda har tomonlama tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlar xususida ta’kidlandi.